Eron Xomanaiy bilan vidolashmoqda (fotoreportaj)
Olam
−
04 iyul 6513 2 daqiqa
Eronda mamlakatning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiyning bir necha kun davom etadigan dafn marosimi boshlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Tehronda yuz minglab odamlar davlat bayrog‘iga o‘ralgan tobut oldida motam tutmoqda. Marosim ishtirokchilarining ayrimlari Isroil va AQSHga qarshi qasos olishga chaqiruvchi so‘zlar aytgan.

“Bizning so‘zimiz bitta! Qasos! Qasos!”, deya baqirgan ular.
Ba’zilar bannerlar va bayroqlarni ko‘tarib yurgan, shahar bo‘ylab reklama taxtalarida esa Xomanaiyning surati aks etgan.

Xomanaiy joriy yilning 28 fevral kuni Eron va Isroil o‘rtasidagi urush boshlangan ilk daqiqalarda uyushtirilgan havo hujumi oqibatida 86 yoshida halok bo‘lgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu marosim mamlakatning yangi oliy rahbari etib tayinlangan Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyning siyosiy mavqeini mustahkamlashi mumkin.

Dafn marosimi davomida Eronning bosh muzokarachisi Fransiya va Buyuk Britaniyani Hormuz bo‘g‘ozida qo‘shma patrul xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ehtimoli haqidagi bayonotlari sabab ogohlantirgan.

Marosim Tehrondagi Grand Mosalla majmuasida o‘tkazilmoqda. Xomanaiyning tobuti yoniga havo hujumida halok bo‘lgan oila a’zolarining tobutlari ham qo‘yilgan.

Shahar bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Marosim ishtirokchilari metall detektor va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, atrofdagi ko‘chalarda qurollangan politsiya navbatchilik qilmoqda. Ko‘ngillilar esa yozning issiq havosi sabab motam tutuvchilarga suv va ichimliklar tarqatmoqda.

Marosimga mamlakatning turli hududlaridan kelgan fuqarolar Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatish va mamlakat rahbariyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ilganini aytmoqda.

“Biz dafn marosimida barchamiz mamlakatimiz va dinimizni himoya qilishga sodiq ekanligimizni ko‘rsatish uchun qatnashdik”, degan Tabriz shahridan Ali Kazemi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat rahbariyati bir hafta davom etadigan ommaviy xayrlashuv marosimini Islom Respublikasiga xalq sadoqatini namoyon etish va inqilobiy ruh saqlanib qolayotganini ko‘rsatish imkoniyati sifatida baholaganini haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi