Eron Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatishga qanday tayyorlanmoqda?
Olam
−
03 iyul 5363 4 daqiqa
Eron hukumati marhum oliy rahbar Ali Xomanaiy bilan bir hafta davom etadigan ommaviy xayrlashuv marosimlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat rahbariyati bu tadbirni Islom Respublikasiga xalq sadoqatini namoyon etish va inqilobiy ruh saqlanib qolayotganini ko‘rsatish imkoniyati sifatida baholagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ali Xomanaiy AQSH va Isroilning Eronga qarshi urush boshlanganida amalga oshirilgan dastlabki zarbalarda halok bo‘lgan edi. Qayd etilishicha, dam olish kunlaridan, ya’ni 5 iyul kunidan Tehronda motam tadbirlari boshlanadi. Keyingi kunlarda esa Qum va Mashhad shaharlarida ommaviy yurishlar, shuningdek, Iroqda ham maxsus marosimlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Shahid bo‘lgan rahbar va boshqa shahidlarning dafn marosimida xalqning keng ishtirok etishi, aslida, Islom Respublikasi uchun yana bir referendum bo‘ladi”, degan Qum shahrining masjid imomi Oyatulloh Muhammad Saidiy davlat OAVlariga bergan bayonotida.
Manbaga ko‘ra, rasmiylar millionlab tarafdorlarni mamlakatning turli hududlaridan olib kelish uchun transport, yashash joylari va oziq-ovqat bilan ta’minlash choralarini ko‘ryapti. Xomanaiyning o‘limi va uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyning Eronning uchinchi Oliy rahbari sifatida hokimiyatga kelishi mamlakatning 47 yillik tarixi uchun yangi bosqichbo‘lishi mumkin. Otasi bilan birga qilingan hujumda og‘ir yaralangan Mujtabo Xomanaiy esa urush boshlanganidan buyon hech qanday yangi surat yoki ommaviy chiqishda ko‘rinish bermagan.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, tashqi tomondan namoyon etilayotgan birlik ortida Islom Respublikasini qo‘llab-quvvatlash darajasi ancha susaygan. Mamlakat aholisining katta qismi ko‘p yillik sanksiyalar oqibatidagi iqtisodiy qiyinchiliklar va 1979 yilgi inqilob nomi bilan amalga oshirilayotgan siyosiy bosimlardan charchagan. Aholining aksariyati yoshlardan iborat bo‘lib, ular inqilob davrini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan.
Inflyatsiya sabab o‘tgan yil dekabr va joriy yil yanvar oylarida bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlarda ko‘plab ishtirokchilar Xomanaiyga qarshi shiorlar aytgan edi. Rasmiylar esa namoyishlarni kuch bilan tarqatgandi. Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqala boshlagan dastlabki kunlarda Tehronning ayrim hududlarida xonadonlardan quvonch qichqiriqlari eshitilgani haqida ham xabarlar paydo bo‘lgandi.
Hozir esa Tehronda vaziyat sokin, ammo tarangligicha qolmoqda. Bu 1989 yilda birinchi Oliy rahbar Oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning dafn marosimidagi manzaradan keskin farq qiladi. O‘shanda millionlab motam tutuvchilar ko‘chalarga chiqqan, hatto jasad olib ketilayotgan mashinaga chiqib ketgani sababli inqilob qo‘riqchilari odamlarni ortga surishga majbur bo‘lgan edi.
Eronning siyosiy-diniy tizimida Oliy rahbar nafaqat davlat rahbari, balki shialikdagi o‘n ikkinchi imomning yerdagi vakili hisoblanadi.
Manbaning qayd etishicha, Xomanaiyning dushman hujumida halok bo‘lishi shialikdagi shahidlik va motam an’analari bilan uyg‘unlashmoqda. Shu bois shaharlarga qora motam bayroqlari osilgan, motam marosimlarida Imom Husayn shahidligiga oid ramzlar keng qo‘llanilyapti. Kecha, 2 iyul kuni Tehronda ishchilar yangi Oliy rahbar Mujtabo Xomanaiyni qo‘llab-quvvatlovchi plakatlarni o‘rnatishni davom ettirgan. Plakatlarda marhum Ali Xomanaiy hamda inqilob ramzi hisoblangan musht tasviri aks etgan.
“Bu hayotimdagi eng og‘ir kunlar. Imom Xumayniy vafot etgan vaqtni eslamayman, ammo otamning aytishicha, o‘shanda butun mamlakat qayg‘uga botgan edi. Bugun ham odamlar motamda, ayniqsa rahbarimiz shahid bo‘lgani uchun”, degan 24 yoshli “Basij” a’zosi Muhsin.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 3 iyul kuni Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan rasmiy delegatsiyalar ta’ziya marosimlarida ishtirok etadi. 4 iyul kuni esa Ali Xomanaiyning jasadi Tehrondagi masjidga olib kelinadi. U bilan birga o‘sha hujumda halok bo‘lgan qizi, kuyovi, nabirasi hamda yangi Oliy rahbar Mujtabo Xomanaiyning turmush o‘rtog‘ining jasadlari ham kuzatiladi.
Motam tadbirlari uchun mehmonxonalar 50 foizlik chegirmalar e’lon qilgan. Maktablar, masjidlar va sport inshootlari minglab odamlarni qabul qilish uchun tayyorlangan. Avtobus va temir yo‘l qatnovlari ham asosiy tadbirlarga moslashtirilgan.
Qayd etilishicha, 6 iyul kuni Tehron markazida ulkan yurish o‘tkaziladi. Shundan keyin jasad Qum shahriga olib boriladi. 8 iyul kuni Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida, Eronning mintaqadagi shia ittifoqchilari ishtirokida motam marosimlari bo‘lib o‘tadi. 9 iyul kuni esa Ali Xomanaiy Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasi yaqinida dafn etiladi.
Marosimlar davomida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi. Tehron va boshqa shaharlar havo hududi vaqtincha yopiladi. AQSH yoki Isroil yangi hujumlarni boshlagan taqdirda, Eron tomonidan keskin javob qaytarilishi haqida ogohlantirilgan.