Prigojin saratonga chalingan – OAV

Olam

image

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin onkologik kasallikka chalingani aytilmoqda. Bu haqdagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida tarqaldi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Prigojin uzoq vaqtdan buyon qorin bo‘shlig‘i saratonidan davolanib kelgan va jiddiy muolajani boshidan o‘tkazgan. Aynan shu kasallik tufayli “Vagner” rahbari hozirgacha sog‘lom turmush tarzini olib boradi va qat’iy diyetaga rioya qiladi.

Shuningdek, Prigojin kasalikdan davolanish maqsadida Vladimir Putinning qizi Mariya Vladimirovna Voronsovaga tegishliligi aytilgan “Sogaz” klinikasida bo‘lgan va u klinikaning imtiyozli mijozlaridan biri hisoblangan.

Ma’lumot o‘rnida, Yevgeniy Prigojin harbiy isyon ko‘targanidan keyin uning uyida tintuv o‘tkazilib, katta miqdordagi pullar va boshqa buyumlar musodara qilingandi. O‘shanda COVID pandemiyasi vaqtidan saqlanib qolgan, to‘liq jihozlangan tibbiyot xonasi ham topilgan.  U yerdagi qurilmalar reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlarida foydalaniladi.

Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlarining iste’fodagi generali Robert Abrams “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin muvaffaqiyatsiz isyondan so‘ng o‘ldirilgan yoki qamalgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Shuningdek, AQSH Prezidenti Jo Bayden Prigojinga muvaffaqiyatsiz qo‘zg‘alondan so‘ng “zaharlanishdan ehtiyot bo‘lishni” maslahat bergandi.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing