Prigojin qo‘zg‘olondan so‘ng ilk bor vagnerchilar qarshisida chiqish qildi
Olam
−
20 iyul 2023 12406 2 daqiqa
"Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi va rahbari Yevgeniy Prigojin Belarusda yollanma askarlar oldida chiqish qildi. Bu haqda kecha, 19 iyul kuni "Vagner" bilan bog‘liq Telegram-kanallarda video e’lon qilindi.
Videoda Prigojin vagnerchilar munosib kurashgani va Rossiya uchun ko‘p ish qilganini aytgan.
“Hozir frontda sodir bo‘layotgan voqealar biz ishtirok etishimiz kerak bo‘lmagan sharmandalik, xolos. Biz o‘zimizni to‘liq ifodalashimiz mumkin bo‘lgan vaqtni kutishimiz kerak. Shuning uchun bizning bir muddat Belarusda bo‘lishimiz kerakligiga qaror qilindi”, deydi Prigojin videoda.
Shuningdek, u "Vagner" jangchilari Belarus qurolli kuchlarini dunyoning ikkinchi armiyasiga aylantirishini, kerak bo‘lsa, ularni himoya qilishini aytgan. Bundan tashqari, Prigojin yollanma askarlardan belarusliklar ularni nafaqat qahramon, balki og‘a-ini sifatida kutib olganiga ham e’tibor berishini so‘ragan.
Shundan so‘ng, Prigojin harbiy kompaniyasiga “Vagner” nomini bergan qo‘mondonga so‘z bergan. Videoda erkak o‘zini “o‘sha Vagner” ekanini aytadi. Uni baland qarsaklar bilan kutib olishgan. Xususiy kompaniyaga yaqin manbalar uning Dmitriy Utkin ekani haqida yozdi.
“Barchaga bajarilgan ishlar uchun katta rahmat! Muvaffaqiyatlarimiz tufayli “Vagner” nomi butun dunyoga tanildi. Bu oxirgisi emas. Tez orada amalga oshiriladigan juda katta ishlarimizning boshlanishi, xolos. Welcome to hell!” degan Utkin.
Qayd etish joizki, bu Dmitriy Utkinning ilk bor, Prigojinning esa qo‘zg‘olondan keyingi birinchi ko‘rinish berishi hisoblanadi. Ayrim Telegram-kanallar video Belarusning Mogilyov viloyati, Osipovichi shahri yaqinidagi lagerda suratga olinganini taxmin qilmoqda. Belarus Mudofaa vazirligi esa "Vagner" yollanma askarlari shu manzilda bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan. Shuningdek, vazirlik yollanma askarlar mamlakatga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, Belarus askarlarini o‘qitishini e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 iyul kuni "Belaruski Gayun" monitoring loyihasi Belarusda allaqachon 2000-2500 “Vagner” yollanma askarlari borligini yozdi. Unga ko‘ra, 11 iyuldan beri Belarusga yollanma askarlarning kamida besh kolonnasi, ya’ni kamida 382-400 ta mashina yetib kelgan. 20 iyul kuni “Vagner”ga yaqin Telegram-kanalda kompaniyaning "qo‘mondonlar kengashi" a’zosining bayonoti e’lon qilindi va unda Belarusga 10 000 ga yaqin yollanma askar kelishi yozilgan.
Live
Barchasi