Trampning prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi Ukrainaning zarariga ishlaydi

Olam

image

NATOning sobiq Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning fikricha, AQSHning sobiq yetakchisi Donald Trampning bo‘lajak saylovlarda AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilishi Vashingtonning Kiyevga yordam jo‘natishini qiyinlashtiradi. Bu haqda u kecha, 15 mart kuni “Politico” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Agar Tramp AQSH prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilsa, men buni geosiyosiy falokat deb atagan bo‘lardim, chunki saylov kampaniyasi davomida uning ta’siri halokatli bo‘ladi”, deydi Rasmussen. 

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlardagi sotsiologik so‘rovlar natijalari amerikaliklar orasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash zaiflashganini ko‘rsatgan. Agar Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lsa, bu jarayon tezlashadi.

“Uning g‘oyalari Amerika jamiyatining ma’lum bir qismi uchun jozibador bo‘lishining o‘zi AQSH siyosatini noto‘g‘ri yo‘nalishga olib boradi”, deydi Rasmussen.

Sobiq NATO Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ukraina bo‘yicha “taslim bo‘lish”ga olib boruvchi kursni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun ham u respublikachilar bo‘lajak prezidentlik saylovlarida AQSHning jahon siyosatidagi yetakchi roliga Trampdan ko‘ra ko‘proq moyil bo‘lgan nomzodni ko‘rsatishiga umid bildirgan.

Ma’lumot uchun, Rasmussen hozirda Ukraina hukumati maslahatchisi bo‘lib, Kiyev manfaatlari yo‘lida lobbichilik faoliyati bilan shug‘ullanadi. U Vashington ma’muriyati va AQSH qonunchilaridan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni, shuningdek, unga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni so‘rab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024 yilning noyabriga belgilangan. Oq uyning sobiq rahbari Donald Tramp o‘z nomzodini 2022 yil noyabrida e’lon qilgan edi. AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ham Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani, huquqshunos va siyosatchi kichik Robert Kennedi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatishini aytgan. Amaldagi Prezident Jo Bayden ham qayta saylanishga umid qilayotganini bildirgan. Bundan tashqari, sobiq vitse-prezident Mayk Pens ham saylovlarda respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing