Prezident Zulayho Mahkamovani yangi ko‘mita raisligiga tayinlaganini tasdiqladi
Jamiyat
−
01 mart 2022
7681Avvalroq, O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etilgani va To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova qo‘mita raisi lavozimiga tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 1 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Zulayho Mahkamova qo‘mita raisi sifatida tanishtirildi.
Yig‘ilishda Prezident xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasining yangi tizimini belgilab bergan.
“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasini eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida bejizga belgilamadik.
Ushbu muhim vazifalar ijrosini tizimli tarzda har bir mahalla kesimida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bugun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Farmonni imzoladim.
Qo‘mita rahbari lavozimiga ayollarning muammolari, dardu-tashvishi bilan yaqindan tanish va ularni hal qilish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Baxriddinovna Mahkamova tayinlandi”, deydi Prezident.
Yangi Qo‘mita raisi Mahkamova ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritadi.
Joylarda qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar rahbarlari esa hokim o‘rinbosari bo‘ladi.
Yangi qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasini o‘zi boshqaradi.