Zulayho Mahkamova Erdo‘g‘anning ayoli bilan birga forumda ishtirok etdi (video)
Olam
−
23 may 8135 2 daqiqa
Kecha, 22 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Istanbul shahrining Esma Sulton saroyida bo‘lib o‘tgan Xalqaro oila forumida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ushbu forumda O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi. Buni Turkiya yetakchisining rafiqasi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan kadrlarda ko‘rish mumkin.
Emina Erdo‘g‘anning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videolavhalarida ko‘rish mumkinki, O‘zbekiston nomidan ushbu forumda ishtirok etgan Mahkamova Emina Erdo‘g‘anning yonidan joy olgan. Videolavhalarda ular forum davomida o‘zaro muhokamaga kirishganini ham ko‘rish mumkin.
Qolaversa, Emina Erdo‘g‘an forumda chiqish qilib, nutq so‘zlagan. U o‘z nutqida ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, oila institutining inson hayotidagi asosiy poydevor ekanligi, jamiyatning eng kichik va eng kuchli birligi ekanini ta’kidlagan.
Emina Erdo‘g‘an oilani – bolalarning ilk maktabi, bemorlarning shifo joyi, qariyalar uchun osoyishta maskan va barcha a’zolar uchun eng ishonchli panoh deb atagan.
“Oilani saqlashning eng samarali yo‘li an’analarimizga rioya qilish, birga dasturxonda o‘tirish, sifatli vaqt o‘tkazish va qarindoshlarni ziyorat qilishdir”, degan Emina Erdo‘g‘an.
Shu bilan birga, forumda bugungi kunda oila instituti global tahdidlar ostida ekanligi, ayniqsa bolalar va yoshlar texnologiyaga qaramlik va ma’naviy qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelayotgani qayd etilgan.
Tadbir doirasida 15 mamlakat vakillari bir qator bayonotlarga imzo chekkan. Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mahinur O‘zdemir Emina Erdo‘g‘anga oila daraxti tasvirlangan suratni sovg‘a qilgan.
Live
Barchasi