Norboyeva chidolmayapti. U Bosh vazir o‘rinbosaridan norozi

Jamiyat

Kecha, 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 43-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovani koyib berdi. Bunga sabab esa O‘zbekistonda ayollar va bolalarning zug‘umga uchrayotganidir.

Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan zo‘ravonlik holatlari, ayollarning, bolalarning aziyat chekayotgani bu chidab bo‘lmas holat. Bu vaziyatda zo‘ravonlar tezkor jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.

“Zulayho Bahriddinovna, mahalladagi faollaringiz hech qachon “arizangni qaytib ol”, “oilada bunaqa holatlar bo‘lib turadi-ku”, degan gaplarni aytishi kerak emas. Zo‘ravonlar javobgarlikka tortilishi shart. Qonun qabul qilindimi, jazo olishi shart. Shuning uchun siz mahalla faollaringiz bilan o‘quvlar o‘tkazishingiz kerak. Ular mahallada turvolib faqat zo‘ravonning yonini olmasin”, dedi u Mahkamovaga yuzlanib.

Bunga javoban Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ham endi bunday bo‘lmasligiga va’da berdi.

“Prezident institutlarni shuncha ko‘paytirdi, mahallada beshlik qilib berdi. Bunday vaziyatda hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak-ku! Bir narsa bo‘lsa, “mening ishim emas, sudning ishi, ichki ishlarning ishi”, deb turamiz. Kimning ishi bu? Hammamizning, jamiyatimizning ishi bu. Men oxirgi paytlarda bo‘layotgan bu ishlarga chidolmayapman. Sizlar esa hammangiz kuzatuvchi, nazoratchi bo‘lib qarab o‘tiribsizlar. Albatta  prezident aytishi kerakmi? Bu hammaning vazifasi. Hamma katta-katta oylik olib joylarda o‘tiribdi. Lekin prezident aytgandan keyin bari qimirlab qoladi. Boshqa joyga borib, boshqa muammoni gapirsa, bu masala esdan ham chiqib ketadi va o‘sha masalaga kirishib ketadi. Bu qanaqa amaliyot bo‘ldi? Qanaqa ish uslubi bo‘ldi?” deya tanbehini davom ettirdi Norboyeva.

Norboyevaning fikricha, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarga tegishli jazo choralari qonun bo‘yicha kuchaytirildi. Lekin u mazkur masala bo‘yicha Oliy sudning faoliyatidan rozi emas.

“Bu masalada Oliy sudning o‘rni juda katta. Xo‘sh, nima ish qilyapsizlar? Biz biron narsa eshitganimiz yo‘q hali”, dedi Senat raisi Oliy sud vakillariga yuzlanib.

Oliy sud departamenti boshlig‘i Otabek Ismoilovning aytishicha, ayni paytda ushbu toifadagi ishlarni umumiylashtirish boshlangan. Yilning oxirigacha mazkur yo‘nalishda alohida plenium qarorlari ishlab chiqiladi.

“Sizlar yarim yil plenum qarorini tayyorlasangiz, shu vaqt ichida zo‘ravonlikka uchragan ayollar, bolalarning taqdiri nima bo‘ladi? Bu bo‘yicha qonunni qabul qilganimizga ham uch oy bo‘ldi. Muddat o‘tgan, birdaniga qilish kerak edi bu narsani. Odamlar kutib turmaydi-ku? Sizlarning plenum qarorlaringiz bo‘lmasa, uning mezonlari ham aniq bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Shuning uchun hamma sudyalarga mezonlarni belgilab berishingiz kerak. Iqtisodiy zo‘ravonlik, yoki psixologik zo‘ravonlik nima, qanday qilib baholanadi, qanday javobgarlik qo‘llaniladi? Bularning mezonlari bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa sudyalar qanday qilib joyida baholashadi? Shuning uchun biz zo‘ravonlik holatlari bo‘layotganini eshityapmiz-u qandaydir chora qo‘llanganini eshitmayapmiz. Albatta, sudlar bu mustaqil institut. Lekin mustaqil degani, hech kim talab qo‘yolmaydi, degani emas. Odamlar bu talabni qo‘yyapti. Kelib bizga murojaat qilyapti”, dedi Norboyeva.

Bundan tashqari, u Senatning mazkur masalaga javobgar ikki qo‘mitasi –Gender masalalari qo‘mitasi va Sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbarlariga ham dakki berib, ularning ishi umuman talabga javob bermasligini aytgan.

“Qarab o‘tirmanglar, keyingi hafta biz buni kun tartibiga olib chiqamiz. Mana, men aytyapman buni. Gender masalalari tarkibida ko‘rib chiqamiz”, deb o‘tirganlarni ogohlantirdi Tanzila Norboyeva.
 


Maqola muallifi

Teglar

Norboeva Zulayho Mahkamova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing