Prezident yangi matbuot kotibi ishni eplay olishiga ishonyapti
Jamiyat
−
24 mart 2021
6889Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisining o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi lavozimiga Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov tayinlangani haqida xabar bergan edik. Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining bu yildagi ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor anjumanida Asadov Prezidentning yangi Matbuot kotibi sifatida tanishtirilgan. Bu haqda yig‘ilishda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ Bosh muharriri Sunnatilla Abdullayev xabar bermoqda.
Davlat rahbari Asadovni yangi lavozimga tayinlangani haqida so‘z ochib, xorijda ishlab kelgan bu kadr o‘ziga topshirilgan ishni eplay olishini alohida urg‘uladi.
Shuningdek, Asadovga viloyat hokimlarining matbuot kotiblariga ish o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Prezident bundan buyon vazirlarning matbuot kotiblari Sherzod Asadovga hisobot berishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Qayd etish kerakki, Prezident Matbuot kotibi lavozimi Komil Allamjonov ishdan olingani (2018 yil oktyabr)dan beri vakant bo‘lib turgandi.