Prezident uylar narxi ko‘tarilmasligi uchun yangi imtiyozlar berilishini aytdi

Jamiyat

image

Yangi uy-joy massivlari narxini bu yilgi darajada ushlab qolish uchun yangi boj va soliq imtiyozlari beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish, shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uylar narxini barqaror saqlab turish maqsadida yangi uy-joy massivlarini ichki va tashqi infratuzilma bilan ta’minlashga byudjetdan har yili 1 trillion so‘m ajratiladi.

Shuningdek, tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan quruvchilarga Markaziy bank stavkasidan oshgan qismi 24 oy davomida qoplab beriladi. Bu maqsadlar uchun byudjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

“Kelgusi yili yangi massivlarda qurilayotgan uylarning 1 mingtasi ehtiyojmand oilalar va yolg‘iz ayollar uchun davlat tomonidan kafolatli sotib olinadi. Buning uchun 220 milliard so‘m mablag‘ qurilish tashkilotlariga oldindan o‘tkazib beriladi”, dedi Prezident Mirziyoyev.

Bundan tashqari, sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytiriladi. Shu bilan birga sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga kamaytiriladi.

“Bu 1 tonna sementning ishlab chiqarish tannarxini 7 foizga qiskartirish imkonini beradi. Bular ham uylarning narxini sezilarli tushirishga olib keladi”, degan davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev uy-joy

Baholaganlar

297

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing