Prezident Sirdaryo viloyati ta’lim boshqarmasi boshlig‘ini mukofotladi (video)

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Ibodullayevna Xolboyeva “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni e’lon qilindi. 

Kecha, 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Xolboyeva ham ishtirok etgan va so‘zga chiqqan edi.

“Besh tashabbus olimpiadasi siz o‘zingiz tomoningizdan belgilab berilgan ushbu o‘n uch turdagi sport olimpiadasining o‘tkazilishi 66 foiz ko‘rsatkichni qayd etgan. Lekin va’da beramanki, agar biz jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari bilan ommaviy sport trenerini uzviylikda hamkorlikda ishini olib boradigan bo‘lsak, besh tashabbus olimpiadasi 80 foiz emas, balki 100 foizga ham chiqarsak bo‘ladi. Chunki hamma sharoit bor, hamma imkoniyat bor, faqatgina fidoyilik kerak, faqatgina sadoqat kerak. 

Muhtaram Prezident, hozir sizning o‘z nutqingizni eshitib turib, sog‘lom zurriyot so‘zini 8 marotaba qayta-qayta aytdingiz-da, chindan ham mana shu sog‘lom zurriyotni, sog‘lom avlodni maktabgacha va maktab ta’limidan boshlashimiz zarurligini bugun o‘zimga belgilab oldim. Albatta, bu borada rejalarimni ham qilib oldim: qaytadan yo‘l xaritalarini ishlab chiqaman, qaytadan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, so‘z beramanki, Sirdaryo viloyatida ommaviy sport turlarini, umuman olganda, mana shu partada o‘tirgan jajji iqtidor egalarini sport maktablariga professional sportchi qilib yetkazib berishda zaxira fondini yaratib berishga bor imkoniyatimni ishga solaman”, degan Xolboyeva.

Prezident esa ta’lim boshqarmasida shunday zamonaviy, fidoyi shaxs paydo bo‘lganidan xursand ekanini bildirgan.

“Bugun majlisimizda mana sog‘lom zurriyot, sog‘lom xalq deb gapirib birinchi bo‘lib boshlaganimda, ona sifatida to‘g‘ri tushunganingiz, ayol sifatida to‘g‘ri tushunganingiz uchun men sizni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlab, o‘zim farmonga qo‘l qo‘yaman. Men 80 foiz demas, siz 100 foiz deganingiz menga g‘urur bag‘ishlaydi. Sizga o‘xshaganlar mening jonkuyar qizlarim bor ekan, yo‘limiz to‘g‘riligidan dalolat. Men sizni orden bilan tabriklayman. Sizning misolingizda hamma sizning sohangizdagilar o‘rnak olsin. Baribir, mehnat qilgan odam adolatli mukofot oladi. Charchamang! Sirdaryo birinchi o‘ringa chiqishiga men ishonaman. Tabriklayman, qizim!” degan Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev kechagi videoselektor yig‘ilishida yaqinda oila qurgan Paralimpiada chempioni Asila Mirzayorovani ham tabriklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sirdaryo Do'stlik Nargiza Xolboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing