Prezident xitoylik investorni mukofotladi
Jamiyat
−
22 mart
5514“TSC HK Investment” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Tian Shuchun O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu to‘g‘risidagi tegishli farmoni bugun, 22 mart kuni e’lon qilindi.
Farmonda qayd etilishicha, Tian Shuchun O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ikki tomonlama manfaatli sheriklikni rivojlantirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Yurtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish, zamonaviy qurilish-arxitektura hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida istiqbolli va innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi katta xizmatlari uchun “TSC HK Investment” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Tian Shuchun O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlansin”, deyiladi Prezident farmonida.
Ordenni bugun, 22 mart kuni Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Tian Shuchunga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu marosimda shoir, ma’naviyat targ‘ibotchisi Xushboq Rahimov ham “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangandi.
LiveBarchasi