Xitoylik investorlar O‘zbekistonga xavf solmaydi – vazir o‘rinbosari
Jamiyat
−
17 mart
6410So‘nggi paytlarda Xitoy kompaniyalari go‘yo O‘zbekiston yerlarini “egallab olayotgani” haqida da’volar keng tarqalmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov bu da’volarni rad etib, vaziyat bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
“Chet el investitsiyalarini jalb qilish – O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi uchun muhim omil hisoblanadi. Dunyoda kapital uchun raqobat kuchayib bormoqda va mamlakatimiz ochiq hamda teng sharoitli investitsiya muhitini yaratish siyosatini izchil davom ettirmoqda. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng yirik investitsiyalarni kiritayotgan mamlakatlardan biridir”, deydi Qosimov.
Vazir o‘rinbosari barcha investorlar, kelib chiqqan mamlakatidan qat’i nazar, O‘zbekistonda teng sharoitlarda va qonun talablariga muvofiq faoliyat yuritishini, ularning faoliyati davlat organlari va jamoat institutlari tomonidan tartibga solinishi, bu esa investitsiya jarayonining shaffofligini ta’minlashini aytgan.
“Xitoydan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab mamlakatlar sarmoya kiritmoqda. Mamlakatimiz kam sonli hamkorlar bilan cheklanib qolmasdan, investitsiyalarni turli manbalardan jalb qilmoqda”, deydi u.
Ma’lum qilinishicha, oxirgi uch yilda Xitoy investitsiyalari quyidagicha taqsimlangan:
- 62% – sanoatga;
- 11% – yoqilg‘i-energetika sektoriga;
- 4% – qishloq xo‘jaligiga;
- Qolgan qismi – boshqa sohalarga.
Vazir o‘rinbosari Xitoy investitsiyalarining eng katta qismi qishloq xo‘jaligi yoki yer resurslariga emas, sanoatga yo‘naltirilganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Xitoy investitsiyalari faol jalb qilinayotgan asosiy sohalardan biri bu tekstil sanoati sanaladi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda 7600 dan ortiq tekstil korxonasi mavjud bo‘lib, ular yiliga 123,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi. Ulardan atigi 57 tasi xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan, ya’ni xitoy kompaniyalari ulushi sezilarli emas”, deydi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, Ilzat Qosimov qishloq xo‘jaligida ham yerga emas, texnologiyalarga investitsiyalarga urg‘u berilishini qo‘shimcha qilgan.
“Ko‘p tarqalgan noto‘g‘ri fikrlarga qaramay, xitoy investitsiyalarining atigi 4% qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda chet el investorlariga yer sotilishi taqiqlangan – uni faqat 25 yilga ijaraga olish mumkin va bu faqat ochiq auksion orqali amalga oshiriladi.
Misol: Lihua Group Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paxta yetishtirish va urug‘chilik bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Kompaniyaga unumdorligini zamonaviy agrotexnologiyalar yordamida oshirish sharti bilan sug‘orilmaydigan va hosildorligi past bo‘lgan yerlar berilgan”, deydi u.
Bundan tashqari, energetika sohasida muqobil manbalarga investitsiyalar kiritilmoqda. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirmoqda.
- 2,7 GVt quyosh elektr stansiyalari,
- 752 MVt shamol elektr stansiyalari,
- 169 MVt mikro GESlar,
- 1,4 GVt energiya saqlash quvvatlari ishga tushirilmoqda.
Qayd etilishicha, Xitoy quyosh va shamol elektr uskunalari ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda $9 mlrd qiymatidagi 20 dan ortiq energetika loyihalari xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va ularda asosan mahalliy mutaxassislar ishlamoqda.
“Yuqoridagi faktlar asosida qo‘yidagi xulosalar chiqarish mumkin: Xitoy investitsiyalarining asosiy qismi sanoat, texnologiya va energetikaga yo‘naltirilgan. Chet ellik investorlar O‘zbekistonda yer sotib ololmaydi. Loyihalarda ish o‘rinlarining aksariyatini o‘zbekistonliklar egallaydi. Hamkorlik faqat investitsiyalarni jalb qilish emas, balki yangi texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi. Biz keng jamoatchilikni faqat ishonchli faktlarga tayanishga chaqiramiz! Barcha investitsiya loyihalari O‘zbekiston manfaatlariga mos ravishda va milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilmoqda”, dedi Ilzat Qosimov.
LiveBarchasi