Xitoy AQSHni savdo kelishuvini buzishda aybladi
Olam
−
02 iyun 2102 2 daqiqa
Xitoy vakillari AQSHni Jenevada avval erishilgan savdo kelishuvlarini buzganlikda ayblab, javob choralari bilan tahdid qildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘nggi ayblovlariga shunday javob qaytargan. Xitoyning qayd etishicha, aynan AQSH avval tuzilgan savdo bitimi shartlarini buzgan.
Xitoy Savdo vazirligi, xususan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy etilgan yangi cheklovlar, jumladan, texnologiya eksportini taqiqlash, talabalar uchun viza rejimini kuchaytirish va sun’iy intellekt chiplariga cheklovlarni qoraladi.
“Agar AQSH o‘z-o‘zidan turib Xitoy manfaatlariga zarar yetkazishni davom ettirsa, Xitoy o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy va qattiq choralar ko‘rishda davom etadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
“Bloomberg”, shuningdek, ushbu mojaro fonida Osiyo bozorlaridagi kotirovkalar va Amerika fond indekslaridagi fyucherslar pasayganini yozadi.
Ma’lumot uchun, mart oyida Tramp AQSHga import qilinadigan barcha po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy qilgan edi. Ammo 28 may kuni AQSH Xalqaro savdo bo‘yicha federal sudi Tramp tomonidan joriy etilgan bir qator bojlarni noqonuniy deb topib, ularning amal qilishini to‘xtatdi. Bu qaror Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga 30 foizlik, Meksika va Kanadadan ba’zi tovarlarga 25 foizlik, boshqa ko‘plab import mahsulotlariga esa 10 foizlik bojlarni bekor qildi. Biroq avtomobillar, ehtiyot qismlar, po‘lat va alyuminiyga nisbatan amal qilayotgan 25 foizlik bojlar bu qarorga kiritilmagan. Oradan bir kun o‘tib, AQSH Federal apellyatsiya sudi ushbu bojlarning amal qilishini yana vaqtincha tikladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr