Savdo urushi davom etadi. Tramp Kanadadan kelayotgan po‘lat va alyuminiyga bojlarni 50 foizga oshirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadan kelayotgan po‘lat va alyuminiyga bojlarni 25 foizdan 50 foizgacha oshirish haqida e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Ma’lum qilinishicha, bu qaror Ontarioning elektr energiyasiga 25 foiz tariflar kiritishiga javoban qabul qilingan. Ushbu chora ertaga, 12 mart kunidan boshlab kuchga kiradi.

“Ontarioning AQSHga kiradigan elektr energiyasiga 25 foiz boj o‘rnatganidan so‘ng, men Savdo vazirimga Kanadadan kelayotgan po‘lat va alyuminiyga bo‘lgan bojni 25 foizga oshirib, 50 foizga yetkazishni buyurdim”, deya yozgan u. 

Shuningdek, Tramp agar Ottava “nomuvofiq tariflarni” bekor qilmasa, 2 aprelga qadar Kanadadan olib kirilayotgan avtomobillarga bojxona to‘lovlarini oshirish bilan tahdid qilgan. 

“Bu avtomobillarni AQSHda osonlikcha ishlab chiqarish mumkin!” deya eslatma sifatida aytib o‘tgan AQSH rahbari. 

Tramp, shuningdek, Ottavadan AQSHga eksport qilinadigan sut mahsulotlariga qo‘yilgan 250-390 foiz bojlarni ham darhol bekor qilishni talab qilgan.  

Bundan tashqari, AQSH Prezidenti Kanada “milliy xavfsizlikka juda oz mablag‘ sarflayotgani” va o‘z navbatida, AQSH bu mamlakatni yiliga 200 milliard dollarga subsidiyalashtirayotganini ta’kidlagan. 

U yana Kanadani AQSHning “51-shtatiga” aylanishni taklif etgan. 

“Bunday holda barcha bojlar bekor qilinadi va soliq darajalari sezilarli darajada kamayadi. Shuningdek, Kanada har jihatdan, jumladan, harbiy xavfsizlikda ham yanada kuchliroq bo‘ladi”, degan Tramp.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni AQSH Kanada, Xitoy va Meksika tovarlariga bojxona yig‘imlari joriy etilishi haqida e’lon qilgan edi. Kanada va Meksika tovarlariga 25 foiz, Xitoy tovarlariga esa 10 foiz bojxona yig‘imlari joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Bunga javoban Kanada va Meksika qarshi bojxona yig‘imlari kiritilishi va energiya resurslari hamda muhim materiallar bilan bog‘liq choralarning qo‘llanilishi haqida e’lon qildi. Xitoy ham AQSHga qarshi Jahon savdo tashkilotiga murojaat qilishga va’da berdi.

Keyinchalik Meksika va Kanada Tramp bilan bir oyga, 3 martga qadar bojxona yig‘imlarini kechiktirish bo‘yicha kelishib olishgani ma’lum bo‘ldi.

Mart oyida esa tariflar kuchga kirdi. Bu safar AQSH Xitoy tovarlariga 10 foiz emas, 20 foizlik boj yig‘imi joriy qildi. Xitoy esa Donald Trampning boj tariflari siyosatiga javoban 10 martdan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qiladi. Qo‘shimcha 15 foiz boj tovuq go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta mahsulotlariga tatbiq etiladi. Sorgo, soya dukkagi, cho‘chqa va mol go‘shti, baliq mahsulotlari, meva, sabzavot hamda sut mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilinadi. Kanada ham 155 milliard Kanada dollari miqdoridagi Amerika tovarlariga 25 foizlik boj joriy qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp po'lat va alyuminiy Savdo urushi Ontario

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing