Rossiyada motam e’lon qilindi
Olam
−
01 iyun 88688 2 daqiqa
Rossiyaning Bryansk viloyatida poyezd halokati tufayli 2 iyundan 4 iyungacha uch kunlik motam e’lon qilindi. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksandr Bogomaz ma’lum qildi.
Gubernatorga ko‘ra, motam kunlarida Bryansk viloyatining barcha hududlarida Rossiya bayrog‘i, viloyat va mahalliy bayroqlar yarim ustunga tushiriladi. Hududdagi madaniyat muassasalari hamda televideniye va radiokanallar barcha ko‘ngilochar tadbirlar va efirlarni bekor qiladi.
Shuningdek, Bogomaz halok bo‘lganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, viloyat hokimiyati tomonidan ularning yaqinlariga va jabrlangan yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 31 may kuni kechasi Bryansk viloyatining “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishida avtomobil ko‘prigi qulab tushgandi. Uning bo‘laklari “Klimovo – Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezd ustiga qulagan. Poyezdda 388 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortiq kishi tan jarohati olgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, ko‘prikning qulashiga portlash – ya’ni ataylab uyushtirilgan sabotaj sabab bo‘lgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqea munosabati bilan bir qator mintaqa rahbarlari hamdardlik bildirgan.
Shuningdek, xuddi shu kechasi Kursk viloyatida temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushgan. Tergov qo‘mitasi bu yerda ham sabab sifatida portlashni ko‘rsatgan. Oqibatda yuk poyezdi ko‘prikdan chiqib ketib, yo‘lga qulagan.
Live
Barchasi