O‘zbekiston Britaniya bilan JST bo‘yicha muzokaralarini yakunladi
Jamiyat
−
31 may 4864 2 daqiqa
O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi. Bu haqda Prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘tgan oy oxirida biz Buyuk Britaniya jamoasi bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borish uchun Londonda bo‘ldik. Hozir men ularning tugallanganligi haqida e’lon qilmoqchiman”, deb yozdi u.
Azizbek O‘runovning qayd etishicha, kelishuv Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasi bo‘lib, ichki tasdiqlash tartib-qoidalaridan o‘tgan. Uni imzolash 12 iyun kuni Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 10-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuning bilan, Buyuk Britaniya Toshkent JSTga kirishga tayyorgarlik jarayonida kelishuvga erishgan 24-savdo hamkoriga aylandi.
“Fursatdan foydalanib, Buyuk Britaniya tomoniga a’zo bo‘lishimizni kuchli qo‘llab-quvvatlagani uchun hamda O‘zbekiston muzokaralar guruhiga tinimsiz mehnati uchun o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Ikki tomonlama bitimlarni yakunlash uchun yana bir nechta JST a’zolari qoldi”, deydi O‘runov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. 19 dekabr kuni O‘zbekiston va AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash protokolini imzoladi. Hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH savdo vakili Ketrin Tay imzolagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr