Xushxabar: oyliklar 10 foizga oshadi (video)
Jamiyat
−
03 iyun 32782 2 daqiqa
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshiriladi. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kecha, 2 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni 10 foizga, ya’ni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirishga doir farmonni imzolagan.
Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 10 foizga oshiriladi. Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 million 12 ming so‘mни tashkil etadi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m,
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m,
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha - 110 000 so‘m;
Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 000 so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, 2025 yil 1 avgustdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10 foizga oshirilishi belgilandi. Ya’ni, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 155 ming so‘mdan 1 271 ming so‘mga oshirildi. Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat byudjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarimizning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etilmoqda.
MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan qiyosiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning sentyabr oyida Qozog‘iston Respublikasida o‘rtacha nominal ish haqi 817,2 dollarni tashkil etgan – bu O‘zbekiston (437,8 dollar) yoki Qirg‘iziston (411,2 AQSH dollari)dagidan deyarli ikki baravar ko‘p. Tojikiston Qozog‘istondan ancha orqada qoldi – ish haqi 3,4 baravar kam (242,8 AQSH dollari).
Live
Barchasi