Prezident Bosh vazirga yangi vazifa yukladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha, 17 sentyabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Ushbu yig‘ilishda Prezident Bosh vazir Abdulla Aripov va Hisob palatasi rahbariga yangi vazifa yukladi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni keskin kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. 

Joriy yilda hududiy import o‘sishi tarmoqlardagiga nisbatan 2 barobar yuqori bo‘lishi kuzatilmoqda. Bu hududlarda ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish uchun katta ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatadi.

Masalan, yaqinda soha vakillaridan iborat ishchi guruhlar to‘rtta shaharga borib, Angrenda 38 ta, Navoiyda 13 ta, Namanganda 29 ta va Chirchiqda 18 ta yangi mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirdi.

Shu tartibda har bir hudud bo‘yicha mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. 

Tayyor yer maydonlari, binolar va infratuzilmaga ega bo‘lgan kichik sanoat zonalari bu borada katta imkoniyat yaratadi. Lekin mamlakatdagi 156 ta ana shunday zonadagi loyihalarning atigi 13 foizi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. 80 ta shahar va tumanda birorta ham mazkur turdagi hudud tashkil qilinmagan. 

Mutasaddilarga barcha kichik sanoat zonalarida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish, o‘sha 80 ta shahar va tumanda shunday zonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Import qilinayotgan texnologik uskunalardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Chunki joylarda chetdan valyutaga olib kelingan texnologiyalar ishlatilmay turgan ko‘plab holatlar aniqlangan. Bunga yer ajratish, qurilishga ruxsat berish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulash kabi masalalar to‘siq bo‘lgan.

Davlat rahbari uskunalar xarid qilgan tadbirkorlar muammolarini tezda hal etish, rejalashtirilgan korxonalarning ishlab ketishiga ko‘maklashish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi. Biznes-ombudsmanga import qilingan texnologik jihozlarni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonni tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida muvofiqlashtirish tavsiya etildi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda yetakchi bo‘lgan yirik loyihalarni o‘z muddatida amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 

Jumladan, “Navoiyazot” negizida 100 ming tonna polivinilxlorid, Toshkent metallurgiya zavodida 500 ming tonna metall prokati, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida 744 ming tonna dizel yoqilg‘isi, Toshkent mexanika zavodida maishiy texnika ishlab chiqarish klasteri, “Kvars”, “Sirdaryo Glass” va “Zarafshon oyna” korxonalarida oyna ishlab chiqarish loyihalari yiliga 2,5 milliard dollar miqdorida mahalliylashgan mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, ularning atrofida boshqa kichik ishlab chiqarishlar ham rivojlanadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bosh vazir va Hisob palatasi rahbariga ushbu yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing