Xorazmda Prezident aytgan 413 metrlik ko‘prik qurilishi boshlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida Amudaryo ustida Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘laydigan 413 metrlik ko‘prik, Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishi bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Bugun, 22 dekabr kuni Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston bilan bog‘lovchi ko‘prik qurilishi boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Amudaryo tumani Respublikamizning boshqa hududlaridan uzilib qolgan, shuningdek, temir yo‘l tarmoqlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoni mavjud emas. Avtomobil transporti qatnovi ham cheklangan, chunki Amudaryodan o‘tish uchun faqat ponton ko‘prikdan foydalaniladi.

Ponton ko‘prigi 1938 yilda qurilgan bo‘lib, ayni paytda u eskirgan va foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan.

Qayd etilishicha, yangi ko‘prikning qurilishi Rossiya va Qozog‘istondan yuklarni tashish masofasini 240 kilometrga, yuklarni tashish vaqtini esa 6 soatga qisqartiradi. Shunday qilib, yuk tashish hajmi ikki baravar ko‘payadi va yiliga 25 million tonnani tashkil etadi. Respublikaning yuqoridagi mintaqalari rivojlanib borishi bilan iqtisodiy samaradorlik yiliga 100 milliard so‘mga oshadi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Xorazm viloyatiga inert materiallarni yetkazib berish xarajatlari kamayadi, bu esa ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilmalarni qurish xarajatlarini kamaytiradi.

Taklif etilayotgan yangi ko‘prikning strategik ahamiyatini alohida ta’kidlash joiz. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan ko‘prik quriladigan joyda daryo kengligining minimal o‘lchamlari, sun’iy inshootlar soni, buzilayotgan ob’ektlar soni va ularning turi, shuningdek, kommunikatsiyalar o‘tkazilishini hisobga olgan holda amalga oshiriladigan loyihaning 4 ta varianti ishlab chiqilib, ulardan eng maqbuli tanlangan.

Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari 2022 yil sentyabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Transport vazirligi taqdim etgan ma’lumotda loyiha qiymati qancha ekani ko‘rsatilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Qoraqalpog'iston ko'prik

Baholaganlar

318

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing