Poytaxt Toshkentda “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilindi
Jamiyat
−
28 fevral 10062 2 daqiqa
Toshkent shahrida yo‘l harakati holatini yaxshilashga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilindi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 fevral kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Yo‘l harakatini tashkil etish markaziga tashrifi bo‘lib o‘tgan. Tashrif yakuniga ko‘ra yo‘l infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ustuvor yo‘nalishlar va aniq vazifalar belgilab olingan.
Shu sababli shahar hokimligi poytaxtdagi yo‘l harakati holatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar majmuasini amalga oshirish uchun “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilgan.
YHTEM mutaxassislari poytaxtning eng tirband bo‘lgan 472 km avtomobil yo‘llarini aniqlab, ishlarni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda boshlashni tavsiya qilgan:
- yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha loyiha yechimlarini ishlab chiqish va joriy qilish;
- jamoat transportiga ustuvorlik berish va tegishli infratuzilmani yaratish;
- ko‘cha-yo‘l tarmog‘i bo‘ylab reklama konstruksiyalari va boshqa tashuvchilarni o‘rnatishni tartibga solish hamda nazorat qilish;
- avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan mavjud savdo shoxobchalarini optimallashtirish va ular bo‘yicha tartibli yechimlar ishlab chiqish;
- svetofor ob’ektlari va yo‘l belgilarini o‘rnatish, modernizatsiya qilish va yangilash;
- yo‘l harakatini tashkil etishning tasdiqlangan sxemalari asosida yo‘l chiziqlarini takomillashtirish;
- bekat majmualarini yangilash va almashtirish;
- ko‘cha-yo‘l tarmog‘ida chuqurcha va karta usulida ta’mirlash ishlarini olib borish;
- avtoturargoh maydonini rivojlantirish va tartibga solish.
“YHTEM va shahar hokimligi jamoasining ishonchi komilki, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi poytaxt yo‘l-transport tizimidagi umumiy vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shahar aholisi va mehmonlari esa sezilarli o‘zgarishlarni his qiladi”, deyiladi xabarda.
Ishlarning bajarilishi va erishilgan natijalar to‘g‘risida rasmiy aloqa kanallari orqali har kuni ma’lumot berib boriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan 2025 yil dekabr oyida poytaxt transport siyosatini tizimli takomillashtirishga yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan tuzilma – Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yo‘l harakatini tashkil etish markazida Toshkent shahridagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilish, shuningdek, jamoat transporti nazorati bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi