Poytaxt eshiklari yopilsa, Toshkent viloyatidan ishga qatnaydiganlar nima qiladi?
Jamiyat
−
23 mart 2020
64576Ertaga, 24 mart kuni soat 00:01 dan poytaxt Toshkent eshiklari yopilishi, Toshkent shahriga respublikaning barcha hududlaridan kirish va chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, avtomobil, avia, temir yo‘l) to‘xtatilishi haqida xabar bergan edik.
Ayni vaqtda Toshkent viloyatining poytaxtga yondosh tumanlari – Toshkent, Zangiota, Yangiyo‘l tumanlarida istiqomat qilib, har kuni ishga poytaxtga kelib-ketadigan kishilarda savol paydo bo‘lib, QALAMPIR.UZ’ga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
“Toshkent viloyatida yashayman. Har kuni ishga borishim kerak. Demak, poytaxt darvozlari ochilmaguncha, ishga bormaymanmi yo borsam uyimga qaytolmaymanmi?”, mazmunidagi savollar bisyor.
Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi.
G‘iyosovning ma’lum qilishicha, o‘rnatilgan taqiqlar faqat avtobus, avtomobil, aviatashuv va temir yo‘lga aloqador bo‘lib, Toshkent viloyati tumanlaridan ishga qatnovchilar yoki poytaxtdan biror yumush bilan Toshkent viloyatiga yo‘lga chiquvchilar postlardan avtomobilsiz o‘tishlari mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu taqiqlar odamlarning ishga va uyga qatnashiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Eslatib ўтамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 46 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi