Portlashda shikastlangan BYD avtomobillari utilizatsiya qilinadi

Jamiyat

image

Toshkentning Sergeli tumanidagi bojxona omborida sodir bo‘lgan portlashda shikastlangan barcha BYD avtomobillari utilizatsiya qilishga yuboriladi. Bu haqda ushbu mashinalarni ishlab chiqaruvchi kompaniya vakilligi ma’lum qildi.

Sergeli tumanidagi bojxona ombori hududida sodir bo‘lgan portlash sabablari va holatlari hozirda maxsus xizmatlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Voqea yuz bergan vaqtda bojxona omboriga tutash hududda BYD rusumli avtomobillar ham bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ham mazkur mashinalarga shikast yetgani aks etgan videolar tarqalgandi. 

“Sizga shuni ma’lum qilamizki, barcha shikastlangan avtomobillar utilizatsiya qilishga yuboriladi, zero bu xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash nuqtai nazaridan muhimdir. Avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha barcha majburiyatlar shartnomada ko‘rsatilgan muddatda bajariladi”, deyilgan xabarda.

Shuningdek, kompaniya portlash sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotgani va yakuniy ekspert xulosasi yo‘qligi sababli hodisaga elektr transport vositalarining aloqadorligi yoki boshqa faktlar haqidagi ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi. 

Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

BYD Sergelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing