Pora olgan Mingbuloq sudyasining ishi bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlandi

3-sahifa

image

Avvalroq, jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi 2 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga tushgani xabar qilingandi. Mazkur ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan tumanida chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga “Xalq banki”ning viloyat filiali tomonidan 5 mlrd 287 mln 500 ming so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari zamonaviy chorva kompleksi binosini qurish va mavjudlarini ta’mirlash maqsadida ajratilgan. Biroq ushbu mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish va rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish holatlari aniqlangan. Mazkur qonunbuzarlik bo‘yicha MCHJ rahbariga Jinoyat kodeksining 167- va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu ishni ko‘rib chiqish jarayonida Mingbuloq tumani sudi raisi sudlanuvchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlash evaziga, uning otasidan 20 ming AQSH dollari talab qilgan. 

Shundan so‘ng, DXX xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi so‘ralgan pul mablag‘idan 2 ming AQSH dollarini o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomashinaga joylagan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishcha, kredit bo‘yicha yetkazilgan zarar tergov davomida sudlanuvchi tomonidan to‘liq qoplangan bo‘lgan. Hozirda Mingbuloq tuman sudi raisi o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, juda ko‘p miqdorda pora olganligi holati bo‘yicha, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sud Plenumining majlisida Bosh prokurorning Mingbuloq tuman sudi raisini Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

pora Namangan Mingbuloq sud'ya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing