Politsiya xodimlari o‘zbekistonliklardan pul talab qilib, ularni kaltakladi

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatiga malakali mutaxassis sifatida ishlashga borgan ikki O‘zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 25 sentyabr kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlari O‘zbekiston fuqarolari I.X. va D.B. ning holidan xabar oldi. 

Qayd etilishicha, ular 20 sentyabr kuni fuqarolik kiyimidagi politsiya xodimlari ishtirokida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng og‘ir jarohatlar bilan Moskva viloyati Balashixa shahridagi shifoxonaga joylashtirilgan. Jabrlanganlar so‘zlariga ko‘ra, ular federal ahamiyatga ega ob’ektlarda restavratsiya ishlarini olib borish uchun malakali mutaxassis sifatida Rossiyaga taklif qilingan.

OAV tarqatgan xabarlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Politexnika muzeyini ta’mirlash uchun taklif qilingan. Ular shifoxonaga yotqizilishiga fuqarolik kiyimidagi politsiya xodimlarining kaltaklashidan qochish uchun ikkinchi qavat derazasidan sakragani sabab bo‘lgan. Politsiyachilar o‘zbekistonliklardan 10 ming rul talab qilib, ularni ura boshlagan. Oynadan sakragan o‘zbekitonliklar ma’lum vaqt yerda xushsiz yotgan. Ularni tojikistonlik migrantlar ko‘rib qolib, tez tibbiy yordam chaqirgan.

Elchixona vaziyatni nazoratga olgan va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat qilgan hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi bilan birgalikda o‘zbekistonliklarni davolatish uchun to‘lovni amalga oshirish masalasini hal qilmoqda. 

Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov/Oryol oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya elchixona

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing