Polsha Rossiya bilan chegarada mudofaa liniyasi qurishni boshladi
Olam
−
16:04
1323Polsha Rossiya bilan chegarada mudofaa chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida “Sharqiy qalqon” loyihasini ishga tushirganini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Donald Tusk ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Sharqiy qalqon” dasturi doirasida Polsha hukumati Rossiyaning Kaliningrad viloyati va Belarus bilan chegarasi bo‘ylab 800 km xandaq qazishni, mina maydonlarini tashkil etishni, tanklarga qarshi to‘siqlar va sim to‘rlar o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, videokuzatuv tizimi ham joylashtiriladi.
“Bizning maqsadimiz chegaramizni tinchlik davrida xavfsiz va urush paytida o‘tolmas qilish”, dedi Tusk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha NATO va Yevropa Ittifoqining sharqiy flangida strategik mavqega ega va butun qit’a xavfsizligi uchun o‘z zimmasiga mas’uliyat oladi. “Sharqiy qalqon”ni qurish ishlari 2028 yilgacha davom etishi va bu loyiha Polshaga 10 milliard zlotiy (taxminan 2,5 milliard dollar)ga tushishi kutilmoqda.
“The Times” nashriga ko‘ra, Boltiqbo‘yi mamlakatlari ham Rossiya va Belarus bilan chegaralarda 1000 dan ortiq beton bunkerlar qurishni rejalashtirmoqda. Bu “Boltiq mudofaa liniyasi” ichiga tankga qarshi minalar, xandaqlar, tikanli simlar va “ajdar tishlari” (beton yoki temir-beton to‘siqlar) kabi to‘siqlarni o‘z ichiga oladi. Yaqin atrofda o‘q-dorilar omborlari ham joylashtiriladi. Qurilish ishlari 2025 yil yanvar oyida boshlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya hukumati Rossiya bilan chegarada baland devor o‘rnatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi. Mamlakatning Adliya vaziri Emili Enger Melning so‘zlariga ko‘ra, bu chegaraning to‘liq yoki bir qismi uchun tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan chora hisoblanadi.