Polsha Belarus bilan chegaradagi askarlari sonini keskin oshiryapti
Olam
−
10 avgust 2023
3069Polsha qurolli kuchlari Belarus chegarasiga 10 ming harbiy xizmatchini joylashtirish niyatida. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vaziri Mariush Blashak ma’lum qildi.
“Chegarada 10 mingga yaqin askar bo‘ladi – 4 ming nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegara xavfsizligini qo‘llab-quvvatlaydi, 6 ming nafari esa shu yaqin hududda joylashadi”, deydi Blashak.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Polsha armiyasi faol rivojlanib, zamonaviy texnika bilan qurollantirilmoqda.
"Ikki yil ichida biz Yevropadagi eng kuchli armiyaga ega bo‘lamiz", deya qo‘shimcha qilgan Milliy mudofaa vaziri.
Shuningdek, Blashak Polsha qurolli kuchlarida allaqachon 170 ming askar xizmat qilayotganini ta’kidlagan.
Aytish joizki, Polsha rasmiylari Belarus bilan chegarani himoya qilishni kuchaytirishning asosiy sababi sifatida 2021 yil kuzidan beri davom etayotgan migratsiya inqirozining yangi bosqichini ko‘rsatmoqda. Chegara qo‘shinlari vakillari Polsha hududiga kirishga urinayotgan noqonuniy muhojirlar sonining ko‘payganini, shuningdek, ularning tajovuzkor harakatlarini (chegarachilarga tosh, shisha va tayoq uloqtirilishi) qayd etgan.
Rasmiy Varshavaga ko‘ra, Polsha-Belarus chegarasidagi inqiroz Belarus va Rossiya rasmiylari tomonidan NATOning sharqiy qanotidagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida qo‘zg‘atilgan. Moskva va Minsk bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan.
Ma’lumot uchun, Polsha Belorus hududida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi paydo bo‘lganidan, shuningdek, ikki Belarus harbiy vertolyoti tomonidan Polsha havo chegarasini buzganidan keyin Polsha-Belarus chegarasida o‘zining harbiy ishtirokini yanada kuchaytirishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 avgust kuni Polsha Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha ming nafar askar joylashtirmoqchi ekani xabar qilingandi. Bir kun o‘tib, 9 avgust kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Macheya Vonsika chegaraga yuboriladigan qo‘shimcha askar soni ming emas, 2000 ekanini aytdi. Oldinroq Polsha Belarus va Rossiya bilan chegarada sapyorlar bataloni tashkil etishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Polsha "Vagner" yollanma jangchilari va Belarusdagi Rossiya askarlarining faolligi fonida yaqin kelajakda muntazam armiyasini deyarli ikki baravar oshirish niyatida ekani aytildi. AQSH esa Polshani “Vagner”dan himoya qilishga va’da berdi..
LiveBarchasi