Pokistonda jurnalistlar umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
03 yanvar 1566 2 daqiqa
Pokiston sudi bir necha jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollarini 2023 yilda Pokiston sobiq bosh vazir Imron Xonning hibsga olinishi bilan bog‘liq tartibsizliklar chog‘ida zo‘ravonlik qo‘zg‘atganlikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Terrorizmga qarshi kurash sudining sudyasi Tohir Abbos Sipra Islomobodda sud jarayonlarini yakunlab, sud hukmini e’lon qilgan. Aybdor deb topilganlar orasida Pokiston sobiq armiya zobitligidan blogerlikka o‘tgan Odil Raja va Said Akbar Husayn, jurnalistlar – Vajahat Said Xon, Sobir Shokir va Shohin Sehbay, sharhlovchi Haydar Rizo Mehdi hamda tahlilchi Moid Pirzodalar bor.
Qayd etilishicha, ayblanuvchilarning hech biri sudda ishtirok etmagan. Buning sababi ular hibsdan qochish uchun Pokistondan chiqib, so‘ngi yillarda xorijda yashab kelmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollariga qo‘yilgan ayblovlar 2023 yil may oyidagi tartibsizliklardan so‘ng qo‘zg‘atilgan ishlar bilan bog‘liq. O‘sha vaqtda Xonning korrupsiya ishi bo‘yicha qisqa muddatli hibsga olinishiga javoban, uning ba’zi tarafdorlari harbiy ob’ektlar va davlat mulkiga hujum qilgan. O‘sha voqeadan so‘ng, Pokiston hukumati va harbiylari sobiq bosh vazirning tarafdorlariga nisbatan tazyiqlarni boshlagan.
2023 yilda jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ushbu tergov tanqidiy xabarlarga qarshi qasos ekanligini aytgan.
“Hokimiyat bu tergovlarni zudlik bilan to‘xtatishi va ommaviy axborot vositalariga nisbatan tinimsiz qo‘rqitish va senzurani to‘xtatishi kerak”, deydi jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Osiyodagi koordinatori.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 20 dekabr kuni Pokiston sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korrupsiya ishi bo‘yicha 17 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi. Imron Xon bu vaqtda allaqachon boshqa ayblov bilan qamoq jazosini o‘tayotgandi.
Live
Barchasi