Pokistonda jangarilar hujumiga uchragan 10 nafar harbiy halok bo‘ldi (video)
Olam
−
26 aprel 6473 2 daqiqa
Pokistonning Balujiston viloyati poytaxti Kvetta shahrida sodir bo‘lgan terrorchilik hujumida 10 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Qayd etilishicha, harbiylar kolonnasi masofadan boshqariladigan qo‘lbola portlovchi qurilma yordamida nishonga olingan. Hujum uchun javobgarlikni “Balujiston ozodlik armiyasi” o‘z zimmasiga olgan. Guruh o‘z bayonotida Pokiston armiyasiga qarshi hujumlarni kuchaytirishga va’da bergan.
“Bizning ozodlik uchun kurashimizni hech narsa to‘xtatolmaydi, dushmanga qarshi barcha kuchimiz bilan zarba berishda davom etamiz”, deyiladi jangarilar murojaatida.
Vaziyat keskinlashgani ortidan Pokiston armiyasi Hayber-Paxtunxvo viloyatining Bannu tumanida kontrterroristik operatsiya o‘tkazgan. Pokiston Qurolli kuchlari Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, kamida 6 nafar jangari yo‘q qilingan, yana 4 nafari yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurolli guruh Balujiston provinsiyasining tog‘lar bilan o‘ralgan olis hududida tunnellar yaqinida “Balujiston ozodlik armiyasi” tomonidan poyezdga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. Jangarilar temiryo‘l relslarini portlatib, poyezdni to‘xtatgan. Ushbu poyezd Kvettadan Peshovarga ketayotgan bo‘lgan.
Shuningdek, hujumchilar olti nafar Pokiston harbiysini o‘ldirgan va agar hukumat ularga qarshi harbiy operatsiya boshlasa, garovdagilarni qatl etishini bildirgan. Shu bilan birga, jangarilar asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanliklarini ham ma’lum qilgan.
Keyinroq esa jangari guruhi tomonidan garovga olingan poyezddan 400 dan ortiq yo‘lovchi qutqarildi va ular Kvettaga yetkazildi.
Live
Barchasi