Pokistonda jangarilar harbiy bazaga hujum qildi
Olam
−
04 noyabr 2023
6868Bugun, 4 noyabr kuni ertalab olti nafar jangari Pokiston shimoli-sharqidagi Panjob viloyatida joylashgan Mianvali shahri yaqinidagi harbiy-havo kuchlari o‘quv bazasiga hujum qilib, uchta samolyotga zarar yetkazdi. Bu haqda Pokiston Mudofaa vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Aytilishicha, uch nafar jangari bazaga kirishdan oldin o‘ldirilgan, qolgan uch nafari esa harbiylarning tezkor javobi tufayli qurshab olingan.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, hujumda uchta samolyot va bir yoqilg‘i tankeri zarar ko‘rgan.
“Qo‘shinlarning tezkor va samarali javob choralari tufayli hujum oldi olindi, shaxsiy tarkib va mulklar xavfsizligi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.
Bayonotda hududni tozalash bo‘yicha operatsiya davom etayotganini ma’lum qilingan, biroq xavfsizlik xodimlari orasida qurbonlar haqida so‘z ochilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida terakt sodir bo‘lgan va oqibatda sakkiz nafar politsiyachi halok bo‘lib, yana 57 kishi jarohatlangandi. Iyul oyida yana shu viloyatda portlash sodir bo‘lishi oqibatda 40 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. Buning uchun javobgarlikni ISHID olgandi. Sentyabrda ham viloyatda harbiy karvonga uyushtirilgan terakt oqibatida mamlakat armiyasining to‘qqiz nafar askari halok bo‘ldi, besh nafari yaralandi. 29 sentyabr kuni viloyatning Hangu shahridagi masjidda portlash bo‘ldi.
LiveBarchasi