Pokistonda o‘smir onlayn o‘yin tufayli oilasini otib tashladi

Olam

image

Pokiston sudi 17 yoshli Zayn Aliga onasi, akasi va ikki singlisini o‘ldirgani uchun 100 yil qamoq jazosi tayinladi. Ushbu jinoyat o‘smirning PUBG onlayn o‘yiniga haddan tashqari berilib ketishi oqibatida yuz bergan ruhiy buzilish bilan bog‘liq. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, hukm joriy yilning 24 sentyabr kuni Lahor sudida chiqarilgan. Sudya Riyoz Ahmad Aliga har bir qotillik uchun 25 yildan 100 yil qamoq jazosi tayinlagan. Uning yoshini inobatga olib, sud o‘lim jazosini qo‘llamagan.

“Mahkum onlayn o‘yin ta’sirida butun oilasini shafqatsizlarcha o‘ldirdi. Yoshi sababli unga o‘lim jazosi emas, umrbod qamoq belgilandi”, deydi sudya.

Fojia 2021 yilda – Ali 14 yoshdaligida sodir bo‘lgan. U Lahordagi gavjum Kaxna tumanida oilasi bilan yashagan va PUBG o‘yiniga mukkasidan ketgan o‘yinchi sifatida tanilgan. O‘smir ko‘p vaqtini xonasiga berkinib o‘tkazgan va onasi uni tez-tez o‘yin uchun koyigan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Ali odatda o‘yinda topshiriqlarni bajara olmaganida tajovuzkor bo‘lib qolgan. Qotillik kuni u o‘yindagi vazifani uddalay olmaganidan so‘ng onasidan dakki eshitib, o‘zini yo‘qotgan. U onasining to‘pponchasini olib, onasi kichik singillari bilan uxlayotgan xonaga kirib o‘q uzgan. Oqibatda onasi (45 yosh), akasi Taymur (20 yosh), singillari Maxnur (15 yosh) va Jannat (10 yosh) voqea joyida halok bo‘lgan.

Sud qarorida sudya jinoyatga Aliyning o‘yinga qaramligi sabab bo‘lganini alohida qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Ostona shahrida 21 yoshli yigit “Free Fire” o‘yinini o‘ynayotganda telefonini olib qo‘ygani uchun oila a’zolarini pichoqlagan edi. Oqibatda 1997 yilda tug‘ilgan aka voqea joyida halok bo‘lgan, yana uch nafar oila a’zosi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston PUBG onlayn o'yin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing