Pokistonda suv toshqinidan halok bo‘lganlar 300 dan oshib ketdi

Olam

image

Pokiston shimolida kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida kamida 330 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xayber-Paxtunxva hududida 307 kishi, Gilgit-Baltiston hududida 12 kishi va Azad-Kashmir hududida 11 kishi vafot etgan. Qutqaruvchilar tog‘li hududlarda qolib ketgan 1300 turistni evakuatsiya qilgan.

Toshqinlar ko‘plab uylarni vayron qilgan, aloqada muammolar yuzaga kelgan. Xayber-Paxtunxvada yuk bilan uchayotgan vertolyot halokatida ekipajning 5 a’zosi halok bo‘lgan. Hukumat halok bo‘lganlar soni oshishi mumkinligini aytib, qutqaruv ishlari davom etishini ma’lum qilgan. Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardari halok bo‘lganlar uchun ta’ziya bildirib, qutqaruv ishlarini tezlashtirish va toshqin oqibatlarini bartaraf etishni buyurgan.

Qutqaruv guruhlari vayron bo‘lgan binolar ostidan jasadlarni chiqarib, jabrlanganlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirmoqda. 

Bosh vazir Shahboz Sharif Xayber-Paxtunxva viloyatiga tezkor yordam yetkazish, dorilar, oziq-ovqat va boshqa zarur materiallarni yuborishni buyurgan. Shu bilan birga, hukumat tog‘li hududlarda xavf ostida qolgan aholiga yordam ko‘rsatish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston bo‘ylab musson yomg‘irlari keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida 279 kishi halok bo‘lgani va 700 dan ortiq kishi tan jarohati olgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Shahboz Sharif Xayber-Paxtunxva Gilgit-Baltiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing