Pokistonda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ommaviy to‘qnashuv yuz berdi
Olam
−
26 noyabr
2249Islomobodda bugun, 26 noyabr kuni Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xonning ozod etilishini talab qilgan namoyishchilar parlament binosi oldida xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi. Bu haqda mahalliy matbuot xabar berdi.
Ikki shahar shifoxonasi shifokorlariga ko‘ra, politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Mohsin Naqvi namoyishchilar bilan hech qanday muzokara olib bormaslikni talab qildi. Ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilgan.
Qamoqdagi Imron Xon o‘z tarafdorlarini “talablar bajarilmaguncha” ko‘chalarni tark etmaslikka chaqirdi. Pokiston hukumatining sobiq rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida namoyishchilar "o‘z huquqlarini himoya qilishlari" va "tinch namoyishlarda ishtirok etishlari" haqida yozgan.
Xonning eng yirik muxolifat partiyasi “Adolat harakati” tarafdorlari huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlardan qo‘rqmasligini aytishmoqda.
"Biz xalq huquqlari uchun kurashayotgan Imron Xon uchun barcha to‘siqlar va azoblardan o‘tdik va ular Xonni ozod qilmaguncha bu yerdan ketmaymiz. Biz Xon uchun o‘limga tayyormiz", deydi namoyishchilardan biri va muxolifat partiya tarafdori Adnan Xon.
Diplomatik vakolatxonalarni himoya qilish uchun harbiylar Prezident, Bosh vazir, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, parlament, Oliy sud va diplomatik vakolatxonalar joylashgan hukumat kvartaliga (“qizil zona”) yuborildi.
Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan va parlamentda ishonchsizlik votumi o‘tkazilgandan so‘ng lavozimidan chetlashtirilgan. O‘shandan beri sobiq bosh vazirga qarshi 50 dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, terrorchilikka oid ishlar shular jumlasidandir.
Avvalroq, xususan, u jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanib, 3 yilga, davlat sirlarini oshkor qilganlik uchun 10 yilga, rafiqasi bilan birga korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Er-xotin barcha ayblovlarni rad etib, ishni siyosiy motivli deb atadi. Xonning partiyasi ham ularni uydirma deb hisoblardi.
LiveBarchasi