Pokiston Prezidenti parlamentni tarqatib yubordi
Olam
−
10 avgust 2023
4129Kecha, 9 avgust kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat Prezidenti Orif Alviga Milliy assambleya (parlament quyi palatasi)ni tarqatib yuborishni tasdiqlash uchun petitsiya yuborgandi. Prezident Shahboz Sharifning bildirishnomasini ma’qulladi va Milliy assambleya tarqatib yuborildi. Bu haqda “Geo News” xabar bermoqda.
Prezident Orif Alvi konstitutsiyaning 58-1-moddasiga muvofiq, Bosh vazir maslahati bilan Milliy assambleyani tarqatib yuborgan. Bu bilan Shahboz Sharif hukumati vakolatlari ham tugatilgan.
Endilikda mamlakatda Vazirlar mahkamasi o‘rnida muvaqqat hukumat tuziladi va bosh vazir nomzodi aniqlanadi.
Shuning bois Shahboz Sharif Milliy Assambleyadagi muxolifat yetakchisi Raja Riaz bilan birgalikda respublikani vaqtincha kim boshqarishini hal qilishi kerak. Agar ular uch kun ichida nomzod bo‘yicha bir qarorga kelishmasa, bu vazifani parlamentning maxsus qo‘mitasi hal etadi. Uning tarkibiga teng miqdordagi hukmron va muxolifat vakillari kiradi.
Parlament qo‘mitasiga ham konsensusga erishish uchun uch kun vaqt beriladi. Agar siyosatchilar ham bu borada kelisha olmasa, yakuniy tanlovni Pokiston saylov komissiyasi hal qiladi.
Ma’lumot uchun, Pokistondagi parlament quyi palatasi a’zolari besh yil muddatga saylanadi. Pokiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, umumiy saylovlar quyi palata odatdagidek tarqatib yuborilganidan keyin 60 kun ichida, muddatidan oldin tarqatib yuborilgan taqdirda esa 90 kun ichida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 aprel kuni ham Pokiston Prezidenti Orif Alvi parlament quyi palatasini tarqatib yuborgandi. O‘sha paytda parlamentdagi muxolifat sobiq bosh vazir Imron Xonga ishonchsizlik votumini o‘tkazishga uringan. So‘ng Imron Xon Prezidentga qonun chiqaruvchi organni tarqatib yuborishni taklif qilgan. Orif Alvi bu taklifni qabul qilgan.
LiveBarchasi