Pokiston Bosh vaziri parlamentni tarqatib yubormoqchi

Olam

image

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bugun, 9 avgust kuni Prezident Orif Alviga Milliy assambleyani (parlament quyi palatasi) tarqatib yuborishni tasdiqlash uchun petitsiya yuboradi. Bu haqda kecha, 8 avgust kuni kechqurun hukumat rahbari “Dawn News” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Ertaga Prezidentga Milliy assambleyaning tarqatilishi haqida xabar beriladi, shundan so‘ng men muxolifat yetakchisi Raja Riaz bilan bog‘lanib, birinchi uchrashuvni o‘tkazaman”, degan Sharif.

Aytilishicha, parlament quyi palatasining muddatidan oldin tarqatilishi natijasida respublikaning amaldagi rahbariyati iste’foga chiqadi. Vazirlar mahkamasi o‘rnida muvaqqat hukumat tuziladi. Biroq muvaqqat bosh vazir nomzodi hali aniqlanmagan. Sharifning so‘zlariga ko‘ra, uning “Pokiston musulmon ligasi” partiyasi bu borada hukmron koalitsiyadagi hamkorlar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.

Ma’lumot uchun, Pokistondagi parlament quyi palatasi a’zolari besh yil muddatga saylanadi. Pokiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, umumiy saylovlar quyi palata odatdagidek tarqatib yuborilganidan keyin 60 kun ichida, muddatidan oldin tarqatib yuborilgan taqdirda esa 90 kun ichida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 aprel kuni Pokiston Prezidenti Orif Alvi parlament quyi palatasini tarqatib yuborgandi. O‘sha paytda parlamentdagi muxolifat  Bosh vazir Imron Xonga ishonchsizlik votumini o‘tkazishga uringan. So‘ng Bosh vazir Prezidentga qonun chiqaruvchi organni tarqatib yuborishni taklif qildi. Prezident bu taklifni qabul qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston parlament Shahboz Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing