“Plastinkani boshqacha aylanishini qarang”. Kusherboyev “tomorqachilar”ni jazolash adolatdan bo‘lmasligini aytmoqda
Jamiyat
−
15 aprel 2020 26938 4 daqiqa
Joriy yil 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga murojaat bilan chiqdi. Unda mutasaddilar tomorqalarda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari orqali dasturxon to‘kinligini, bozorlarimizdagi arzonchilikni ta’minlash insoniy burch ekanini aytib, uni vijdonan bajarishga chaqirgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev tomorqaga ekin ekishdagi muammolar haqida gapirar ekan, masala yuzasidan o‘z takliflarini berdi.
“Tomorqadan oqilona foydalanish, ayniqsa, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, samarasiz yotgan tomorqa yer egalariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish masalasi shu kunlarda alohida muhokama markaziga aylandi.
Tan olish kerak: oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash so‘nggi yillarda kun tartibidagi asosiy masalalar qatorida turibdi. Va hali-beri tushmasa ham kerak. Aholi tomorqasi esa bunda alohida o‘ringa ega. Shunday emasmi, yo adashdimmi, yana “populistlik” qilib?..
Qiziq holat: yaqin kunlargacha videoroliklar orqali qishloqlarda hujjatsiz o‘zboshimchalik bilan turar-joy qurib yashayotgan aholi yerlari va tomorqalari, avvalo, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid sifatida bo‘rttirib ko‘rsatilganiga go‘yo ko‘pchilik laqmadek ishongandi. Biroq, aslida, bunga ishonish kulgili.
Haqiqat shundaki, o‘zboshimchami, boshqami aholi yerdan tomorqa sifatida foydalanganda, aksincha, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yordam berishini aytganimda, ba’zi mas’ul va olg‘ir “ochko‘chi”larimiz tomonidan “g‘irt populist deputat”ga chiqarilgandim. Endi plastinkani boshqacha aylanishini qarang. Shunday ekan shu kungacha yerdan tomorqa sifatida foydalanib, shu yerda yashayotganlarning joyini o‘zboshimcha deb ajratmaylik”, de ya deputat o‘z e’tirozlarini bildirmoqda.
Rasul Kusherboyev, shuningdek, tomorqachilar oldida ber necha muammolar borligini aytib, tomorqalarni o‘z holiga tashlab qo‘yilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
“O‘zim ham ko‘p yillardan buyon qo‘ldan kelgancha tomorqadan foydalanib kelayotgan oddiy tomorqachi sifatida ba’zi birovlar o‘z tomorqasidan oqilona foydalanmasligi nimalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, tomorqachiga ekayotgan ekini urug‘ining sifatiga aniq kafolat kerak. Ko‘p hollarda bozorlarda sifatsiz va yozuviga yarasha hosil bermaydigan, aynigan urug‘lar sotilmoqda. Oddiy tomorqachi esa har doim ham buni farqlay olmaydi. Demak buning kafolatini vakolatli organ to‘liq bo‘yniga olishi, kimki uning rasmiy shoxobchasidan olgan aynigan urug‘ natijasida zarar ko‘rsa, zararni qoplab berishi kerak.
Ikkinchidan, tomorqachiga ekkan ekini uchun kerakli mineral o‘g‘it va zararkunandalarga qarshi dorilarni to‘siqsiz sotib olish mumkinligini to‘liq kafolatlash zarur. Afsuski, tomorqachi ko‘p hollarda ekiniga “selitra” degan o‘g‘itni qaysidir fermerdan yashirin yo‘l bilan sotib olishiga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, uning tomorqasiga shu kimyoviy o‘g‘it zarur.
Shuningdek, zararkunandalarga qarshi dorilar ham sifat darajasida emas. So‘nggi yillarda zararkunandalarning ko‘payib ketganligi va ularga qarshi dorilarning foyda bermayotgani sifatli mahsulot yetishtirishda tomorqachilarni qiynamoqda.
Uchinchidan, va eng muhimi: oddiy tomorqachi yetishtirgan mahsulotining o‘zidan ortgan qismini tannarxdan oshib bozorda sota olishi yoki eksport qila olishining kafolati yo‘q.
Bahor oylarida tomorqadan foydalan, deya bong urgan mas’ullar tomorqachi mahsulotini yetishtirib, unga xaridor topa olmay chirib sarson bo‘lib yurgan vaqtida negadir “yo‘q” bo‘lib qoladi, holing qalay, deb so‘ramaydi. Bozorda esa tomorqachining o‘zi borib sotishiga kafolatlangan joyning o‘zi yo‘q, bo‘lgani ham nomiga. Kamiga eksportni ham o‘z “ega”lari bor, ulardan ortib oddiy tomorqachi eksport qilolmaydi. Masalan, yangiyo‘llik tomorqachilarning ko‘pchiligi har yili xarajat qilib turli ko‘katlar ekadi-yu, sotib olguncha yuragini hovuchlab o‘tiradi: ishqilib chetga yo‘l yopilib qolmasin, eksportchilar olib ketsin, chegaraga insof bersin, pulimizni bersin deb. Bu yil ham shu: yuraklar hovuchda.
To‘rtinchidan, tomorqachi ekin ekib, bola-chaqasi bilan yer tirnab harakat qilsa-yu, biroq kutilmaganda zarar ko‘rsa, uni qo‘llab-quvvatlash, kerak bo‘lsa zarariga sherik bo‘lish tizimi yo‘q. Bunda tomorqachi o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib qolaveradi.
Beshinchidan, ayrim tomorqa egalarining yerlariga suv kelmaydi, sho‘r, toshloq va hokazo tabiiy sharoitlar yo‘q. Buni hal etishni kimdir bo‘yniga olishi kerak, biroq tomorqachi emas.
Endi o‘ylab ko‘ring: shunday ikir-chikir va ba’zilarning ko‘ziga ko‘rinmaydigan muammolar turganda qanchadir tomorqachi tabiiy ravishda “riskka” bormay, hech bo‘lmasa zarar ko‘rmaslik uchun ham tomorqasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkinmi. Mumkin. Buning uchun uni jazolash adolatdan bo‘ladimi shunda? Bu yog‘iga endi vijdon o‘rtoqlar...
Oshirvorgan bo‘lsam uzr o‘rtoqlar, biroq biz tomorqamizga ekin ekib qo‘yganmiz”, deya so‘zlarini yakunlamoqda O‘zLiDep fraksiyasi a’zosi.
14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda davlat rahbari 34 millionlik xalqni boqish va yetishtirgan mahsulotlarni chetga eksport qilish vazifalari kun tartibida turgani haqida ta’kidlagandi.
Live
Barchasi