Tomorqa issiqxonalari uchun ayrim soliqlar 50 foizga kamaytirilishi mumkin

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilishi mumkin. Bu haqda kecha, 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2030 yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda. 

Shuningdek, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga “yashil” energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant ajratish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Yangi “yashil” issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish nazarda tutilmoqda. Issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Issiqxonalarda hosil bo‘ladigan ifloslangan drenaj va filtr suvlarini yig‘ish, tozalash hamda qayta ishlatish masalasi ham ko‘tarilgan. Buning uchun maxsus operator faoliyatini yo‘lga qo‘yish va Ohangaron tumanida zarur infratuzilmani tashkil etish taklif qilingan.

Taqdimotda iqlimi qulay hududlarda zamonaviy issiqxonachilikni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga 940 gektar yer ajratilgan va uning master rejasi ishlab chiqilgan. Zonada issiqxonalar va agrologistika ob’ektlarini barpo etish, shu jumladan, banklar balansidagi issiqxonalarni bu yerga ko‘chirish taklif etilgan.

Erkin iqtisodiy zonada investorlar uchun yer ijarasiga besh yil davomida nol stavka qo‘llanilmoqda, kanalizatsiya va yerosti suvlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha uch yillik imtiyoz berilgan. Qo‘shimcha ravishda yer uchastkalarini normativ qiymatining 10 foizi miqdoridagi boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarish, qiymati 10 million dollardan yuqori bo‘lgan loyihalar hamda Toshkent shahri va viloyatidan issiqxonalarini ko‘chiradigan tadbirkorlar uchun esa ushbu ko‘rsatkichni 1 foiz etib belgilash taklif qilingan.

Shuningdek, zona ishtirokchilarini besh yilga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan, olib kelinadigan issiqxona uskunalarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi ko‘rib chiqilgan. 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika ob’ektlarini barpo etib, investorlarga tayyor loyiha sifatida sotish rejalashtirilmoqda. Infratuzilmaga 220 milliard so‘m, loyihalarni moliyalashtirishga 200 milliard so‘m yo‘naltirish hamda 2027 yilda 100 million dollar investitsiya jalb etish vazifasi qo‘yilgan.

Mutasaddilarga issiqxonalarning joylashuvi, energiya resurslari manbalari va ularni yetkazib berish hajmini aks ettiruvchi raqamli xaritani tayyorlash topshirilgan. Shuningdek, issiqxona mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va unga tutash 5 ta tumanda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing