Peskov asir tushgan amerikaliklar o‘ldirilishi mumkinligini aytdi
Olam
−
21 iyun 2022
12368Ukrainadagi jangovar harakatlar vaqtida asirga olingan AQSH fuqarolari o‘limga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov MSNBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Men hech narsaga kafolat berolmayman. Bu tergovga bog‘liq”, deydi Peskov.
Uning tushuntirishicha, bu amerikaliklarning Ukraina armiyasiga aloqasi yo‘q, shuning uchun ular Jeneva konvensiyalari qoidalariga bo‘ysunmaydi.
“Sud bo‘ladi, sud qarori ham bo‘ladi”, deydi Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi.
Peskov MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Ukraina hududidagi noqonuniy operatsiyalarda ishtirok etgan amerikaliklarni “omad askarlari” deb atagan.
“Ular harbiylarimizni o‘qqa tutishda qatnashgan, hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan va sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak”, deydi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi.
O‘tgan hafta AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Ukrainada Rossiya tomonidan asirga olingan ikki Amerika fuqarosi haqidagi xabarlar yuzasidan Qo‘shma Shtatlar Ukraina tomoni va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari bilan aloqada ekanini aytgandi. Keyin Prays AQSH bu vaziyatni Rossiya bilan hali muhokama qilmaganini ta’kidlagan.
Qayd etish kerakki, Rossiyada o‘lim jazosi taqiqlangan. Biroq tan olinmagan Donetsk xalq respublikasining sudi orqali asirlarni o‘limga hukm qilish holati kuzatildi. Shu yo‘l bilan ikki britaniyalik va marokashlik o‘limga hukm qilindi.