Pelosi tirik qaytganidan “ilhomlangan” AQSH Kongressi delegatsiyasi Tayvanga boryapti – OAV

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi delegatsiyasi Tayvanning yuqori martabali rahbarlari bilan uchrashish uchun joriy yilning 14-15 avgust kunlari Tayvanga tashrif buyuradi. Bu haqda “Reuters” ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, uchrashuv Hind-Tinch okeani mintaqasiga kengroq tashrif doirasida bo‘lib o‘tadi. Rasmiylar AQSH-Tayvan munosabatlari va global ta’minot zanjirlari kabi masalalarni muhokama qiladi.

Parvozlarni kuzatish bo‘yicha “Flightradar” portali ma’lumotlariga ko‘ra, ularning samolyoti allaqachon orolga yetgan.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Tayvan'

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing