Pedofillarning dunyodagi eng katta platformasi yo‘q qilindi

Olam

image

Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bo‘yicha eng yirik platforma – Kidflix yo‘q qilindi. Mazkur platforma taxminan 2 million foydalanuvchiga ega edi. Bu haqda Yevropolning rasmiy bayonoti e’lon qilindi.

Yevropa mamlakatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari Yevropa Ittifoqining Huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik agentligi (Yevropol) ko‘magida Stream kod nomli xalqaro operatsiyani o‘tkazgan. Natijada bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik aks etgan materiallarni tarqatish bo‘yicha dunyodagi eng yirik platformalardan biri bo‘lgan Kidflix yopilgan.

Tergov 2022 yil aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri butun dunyodan taxminan 1 million 800 ming foydalanuvchi platformada ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yilning 11 mart kuni Germaniya va Niderlandiya hukumati Kidflix serverini musodara qilgan. Unda 72 mingga yaqin videofayl mavjud bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda 1393 nafar gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan. Taqiqlangan materiallarni tarqatishda ishtirok etgan 79 kishi hibsga olingan. Tergov davomida jabrlangan 39 nafar voyaga yetmagan bola himoyaga olingan. 3 mingdan ortiq elektron qurilmalar musodara qilingan, 91 mingdan ortiq noyob videofayllar topilgan.

Platformada foydalanuvchilar nafaqat video yuklab olishlari, balki jonli efirlar olib borishlari ham mumkin bo‘lgan. Materiallarga kirish token tizimi orqali amalga oshirilgan – tokenlar kontentni yuklash va tekshirish evaziga ishlab topilgan. To‘lovlar kriptovalyuta orqali amalga oshirilgan.

Platformadagi videolar bir nechta sifatda mavjud bo‘lgan. Bu foydalanuvchilarga materiallarni oldindan ko‘rib chiqish va yuqori sifatdagi versiyani ochish uchun to‘lov qilish imkonini bergan. Platforma 2021 yildan beri foydalanuvchilar jami 91 mingdan ortiq videoni, umumiy davomiyligi 6 ming soatdan oshiq materialni yuklagan.

Stream operatsiyasi Yevropol tarixida internetdagi bolalarga qarshi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha eng yirigi bo‘lgan. Agentlik mutaxassislari operativ yordam ko‘rsatgan, barcha ma’lumotlarni qayta tekshirgan, mamlakatlar o‘rtasida axborot almashinuvini muvofiqlashtirgan va milliy idoralarga tergovlarda yordam bergan.

Operatsiyada 35 dan ortiq davlat ishtirok etgan, jumladan: Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Avstriya, Avstraliya, Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya, Polsha, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya, Irlandiya, Chexiya, Bolgariya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, Shveysariya, Ruminiya, Serbiya, Latviya, Litva, Estoniya, Gretsiya, Xorvatiya, Malta, Lyuksemburg, Albaniya, Kolumbiya, Gruziya va Kipr.


Maqola muallifi

Teglar

platforma Pedofil jinsiy ekspluatatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing