Patrushev ham MDH davlatlarini AQSHga qarshi qayradi

Olam

image

Hozirgi sharoitda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar razvedka ma’lumotlari almashinuvini, jumladan, Afg‘oniston bo‘yicha umumiy pozitsiyani ishlab chiqish uchun ham kuchaytirishi kerak. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bugun, 30 sentyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari xavfsizlik idoralari va razvedka xizmatlari rahbarlarining yig‘ilishida aytib o‘tdi. 

“Hozirgi sharoitda MDH, KXSHT va SHHT doirasida Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha yagona muvofiqlashtirilgan chiziqni ishlab chiqish uchun razvedka ma’lumotlari almashinuvini faollashtirish zarur”, deydi u. 

Patrushev Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) allaqachon “samarali huquqiy vositalar”ga va noqonuniy migratsiya, terrorizm va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kabi mavzularda amaliy hamkorlik bo‘yicha yaxshi tajribaga ega ekanligini eslatdi. 

“Rossiya avvalgidek terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik qilishga tayyor. Biz MDHga a’zo barcha davlatlarni 2023 yilda SHHTga a’zo davlatlar va MDHga a’zo davlatlarning vakolatli organlari tomonidan qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda faol ishtirok etishga chaqiramiz”, deydi Patrushev.

Xavfsizlikka tahdid

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi kotibi Vashington hanuzgacha Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar bilan terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazish bahonasida go‘yoki vaqtinchalik infratuzilma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinayotganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva avgust oyida AQSH boshchiligida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston va Pokiston harbiy xizmatchilari ishtirokida Tojikistonda o‘tkaziladigan “Mintaqaviy hamkorlik-2022” mashg‘ulotlariga shu nuqtai nazardan qaraydi. 

“Amerikaliklarga bunday tadbirlar, birinchi navbatda, potensial operatsiyalar teatrini o‘rganish, istiqbolli nishonlar koordinatalarini aniqlashtirish va yuqori aniqlikdagi qurollar uchun raqamli xaritalarni sozlash uchun kerak”, deya ogohlantirdi u. 

Shu nuqtai nazardan, Patrushev o‘tgan yili SHHT sammitida hamda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan SHHT va KXSHT davlatlari rahbarlarining qo‘shma yig‘ilishida Afg‘onistondan chiqarilgan AQSH va NATO davlatlarining harbiy kontingentlarini ushbu davlatlar hududiga joylashtirmaslik bo‘yicha kelishuvga erishilganini eslatdi. 

“Bu Markaziy Osiyoda barqarorlik manfaatlari yo‘lida qabul qilingan muhim qaror bo‘ldi. Umid qilamanki, MDHga a’zo barcha davlatlar Amerikaning bu tashabbuslari bizning xavfsizligimiz uchun qanchalik katta xavf tug‘dirayotganini tushunadi”, deydi u hamkasblariga.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham MDH davlatlari xavfsizlik idoralari va razvedka xizmatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, Markaziy Osiyo davlatlarini AQSHning inqilob rejalaridan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikolay Patrushev

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing