Shoygu Rossiya Mudofaa vaziri lavozimini tark etadi
Olam
−
13 may 2024
18368Rossiya Mudofaa vaziri lavozimida 12 yil ishlab kelgan Sergey Shoygu o‘z lavozimini tark etadi. Uning o‘rnini sobiq bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodchi Andrey Belousov egallaydi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Peskov bu qarorni “Mudofaa vazirligi innovatsiyalarga mutlaqo ochiq bo‘lishi, barcha ilg‘or g‘oyalarni joriy etishi, iqtisodiy raqobatbardoshlik uchun shart-sharoit yaratishi” bilan izohladi.
Kreml voizi Shoyguning yangi lavozimini tushuntirar ekan, sobiq mudofaa vaziri harbiy-sanoat majmuasi ishiga chuqur sho‘ng‘ib ketganini aytdi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, endi Shoygu Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi va ayni paytda harbiy-sanoat kompleksi komissiyasida Prezident o‘rinbosari bo‘ladi.
“Shoygu bu ish bilan chuqur shug‘ullangan, u aniq korxonalarda harbiy-sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’atlarini juda yaxshi biladi va bu korxonalarga tez-tez borib turadi”, deya tushuntirdi Peskov.
U Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati Mudofaa vazirligidan Prezidentga o‘tkazilayotganini eslatdi.
"Uning ishini ham Sergey Shoygu boshqaradi va nazorat qiladi. Sobiq mudofaa vaziri ichkaridan va avvalgi ish joyidagi hamkasblari va hamkorlari bilan birga juda yaxshi biladigan sohada faoliyatini davom ettiradi", deydi Peskov.
Peskov Mudofaa vaziri lavozimiga oldin hukumatda iqtisodiy blokni boshqargan Andrey Belousov tayinlanishini tushuntirar ekan, yaqinda xavfsizlik blokining byudjeti 6,7 foizga oshganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya asta-sekin "80-yillarning o‘rtalaridagi vaziyatga" yaqinlashmoqda, o‘shanda xavfsizlik blokiga sarflangan xarajatlar ulushi 7,4% edi.
“Xavfsizlik bloki iqtisodiyotini mamlakat iqtisodiyotiga integratsiya qilish juda muhim”, deydi Peskov.
Kreml Shoygudan oldin Xavfsizlik Kengashi kotibi bo‘lgan Nikolay Patrushev yaqin bir necha kun ichida qayerda faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilishga va’da berdi.
LiveBarchasi