Pashinyanga quchoq ochgan Makron Aliyevga qo‘ng‘iroq qilmoqchi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yaqin soatlarda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilish niyatida. Bu haqda u bugun, 26 sentyabr kuni Parijda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qilayotganda ma’lum qildi. 

“Yaqin soatlarda Prezident Aliyev bilan gaplashaman. Fransiya Janubiy Kavkaz barqaror, ishonchli va farovon mintaqaga aylanishi uchun hamma narsani qiladi", deb ishontirdi Fransiya rahbari.  

Uning qayd etishicha, Prezident Aliyev ham mintaqadagi beqarorlikka chek qo‘yish niyati va yechimlarga erishishga hissa qo‘shish istagini bildirgan. 

Makronga ko‘ra, Fransiya vaziyatni yumshatishga va Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlashga chaqiradi. 

“Chegaradagi vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. Parij kuch ishlatishning har ikki tomon uchun ham muammoga yechim bo‘la olmasligi va muloqotni kechiktirmasdan davom ettirish kerakligiga ishonchi komil”, deydi u.

Fransiya rahbarining alohida urg‘ulashicha, barcha masalalar faqat muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishi kerak.  

“Men tinchlikni tiklashga va muzokaralarni qayta boshlashga chaqiraman”, deydi Makron. 

Makron Pashinyan bilan uchrashuvda yangi eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimini mustahkamlash masalasini muhokama qilish niyatida ekanini aytdi.  

“Biz Fransiya Yevropa Ittifoqi va kelishuvda ishtirok etayotgan boshqa buyuk davlatlar bilan birgalikda mustahkam tinchlikka erishishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini tushunish uchun bir qator masalalar yuzasidan ham fikr almashamiz. 

Biz Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish imkoniyatlarini ham muhokama qilishni kutmoqdamiz. Bu qiyin, ammo zarur mavzu”, deya ta’kidladi Makron. 

Eslatib o‘tamiz, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Makron bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ozarbayjonni sovet davridagi chegaralarga qaytishga chaqirdi. 

Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Nikol Pashinyan Emmanuel' Makron Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

7

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing