Pashinyan Minskdagi KXSHT yig‘ilishiga bormaydi
Olam
−
14 noyabr 2023
4158Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoga telefon orqali 23 noyabr kuni Minskda bo‘lib o‘tadigan KXSHT yig‘ilishida qatnashmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Belarus tomonining tashabbusi bilan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda 23 noyabr kuni Minskda bo‘lib o‘tadigan KXSHT Kengashi majlisini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bosh vazir Pashinyan Lukashenkoga uchrashuvda qatnasha olmasligini ma’lum qildi va KXSHT bo‘yicha hamkorlar bu qarorni tushunishiga umid bildirdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joizki, Pashinyan va Armaniston TIV vakillari Yerevan hozirda KXSHTdan chiqish imkoniyatini muhokama qilmayotganini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq Armaniston vakillari so‘nggi oylarda tashkilot tadbirlarida qatnashmayapti. Armaniston KXSHTdagi elchisini ham chaqirib olgan va diplomatik missiyaga yangi rahbar tayinlamagan.
Ma’lumot uchun, KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Belarusda bo‘lib o‘tgan KXSHT jamoaviy kuchlarining “Jangovar birodarlik-2023” operativ-strategik mashg‘ulotlarida ham, oktyabrda Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida bo‘lib o‘tgan “Buzilmas birodarlik – 2023” qo‘shma mashg‘ulotlarida ham Armaniston qatnashmagan.
LiveBarchasi