Pashinyan iste’foga chiqishga tayyorligini e’lon qildi
Olam
−
25 dekabr 2020
5499Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan xalq irodasiga ko‘ra, lavozimini tark etishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u Facebook`dagi sahifasida yozgan.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat ulkan moliyaviy va mediaresurslarga qaramay, xalqning qo‘llab-quvvatlashiga munosib bo‘lmagan. Shu sababdan, mamlakatdagi inqirozni yechishning yagona yo‘li navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘ladi.
“Agar xalq ishonchi tiklansa, hozirgidek murakkab vaqtlarda Armaniston Respublikasini boshqarishni davom ettirishga tayyorman”, degan Pashinyan.
U 2021 yilda saylov o‘tkazishni taklif qildi, ammo aniq sanani aytmadi. Bosh vazir barcha manfaatdor siyosiy kuchlarni muhokamaga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Armanistonda Pashinyanga qarshi namoyishlar Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama bayonnoma imzolanganidan keyin boshlangandi. Armanlar Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston imzolagan kelishuv shartlarini adolatsiz deb baholyapti. Namoyishchilar orasida obro‘li muxolifat vakillari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.
9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
LiveBarchasi