Pashinyan chiqmagan jondan umid qilyapti. U Minsk guruhini “jonlantirmoqchi”
Olam
−
10 Sentabr 2022
5240Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 10 sentyabr kuni Yerevanda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining amerikalik hamraisi Filipp Riker bilan uchrashuvda Minsk guruhi doirasida (tan olinmagan – tahr.) Tog‘li Qorabog‘ mojarosini tartibga solish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash muhimligini ta’kidladi. Bu haqda Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Hukumat rahbari Qo‘shma Shtatlarning Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal etish jarayonida YeXHT Minsk guruhi hamraisi davlat sifatidagi muhim rolini ta’kidladi. Nikol Pashinyan Minsk guruhi hamraisligida muzokaralar jarayonini qayta boshlash va Tog‘li Qorabog‘ muammosini har tomonlama hal qilish kontekstida uning tajribasidan foydalanish muhimligini ta’kidladi", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanganidek, suhbatdoshlar Tog‘li Qorabog‘ muammosiga oid masalalarni muhokama qilgan. 44 kunlik urush natijasida yuzaga kelgan gumanitar muammolar tilga olingan.
“Armanistonlik harbiy asirlar va boshqa hibsga olinganlarni zudlik bilan vataniga qaytarish, Ozarbayjon nazorati ostidagi hududlarda armanlarning madaniy va diniy merosini saqlab qolish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi Vazirlar Mahkamasi xabarida.
Pashinyan va Riker, shuningdek, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini tartibga solish, mintaqaviy barqarorlik va boshqa xavfsizlikka oid mavzular yuzasidan fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 sentyabrdan 5 sentyabrga o‘tar kechasi kuni ham Armaniston tomoni Ozarbayjonga o‘q uzgan edi. Bu esa ikki davlat yetakchilarining Bryusselda o‘tkazgan o‘zaro uchrashuvidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. Pashinyanning ma’lum qilishicha, tomonlar ushbu uchrashuvda hech narsaga kelisha olmagan.
Avvalroq, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Filipp Rikerning Kavkazdagi muzokaralar bo‘yicha bosh maslahatchi etib tayinlanishiga munosabat bildirib, deyarli ishlamayotgan Minsk guruhini jonlantirishga urinishlar AQSHning Ozarbayjon va Armaniston munosabatlarini normallashtirish jarayonidan uzoqlashishiga olib kelishi mumkinligini aytgan edi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi