Armaniston Ozarbayjonga qarshi da’volaridan voz kechishga tayyor – Pashinyan
Olam
−
23 noyabr
2658Yerevan o‘zaro kelishuv asosida Bakuga qarshi xalqaro da’volardan voz kechishga tayyor. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan davlat televideniyesiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar biz haqiqiy tinchlikka erishsak va tinchlik shartnomasini imzolasak, menimcha, bunday kelishuvga erishish mumkin. Bu shuni anglatadiki, ular ham, biz ham ilgari sodir bo‘lgan voqealar to‘g‘risida da’vo qilmasligimiz va bu da’volardan o‘zaro voz kechishimiz kerak”, dedi u.
Shuningdek, Pashinyan kelajakda da’volar uchun hech qanday sabab qolmasligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda Armaniston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudiga murojaat qilib, Ozarbayjonni arman millatiga nisbatan irqiy kamsitishda ayblagan. Shu yilning o‘zida Ozarbayjon ham Armanistonni mintaqadagi ozarbayjon millatiga nisbatan kamsituvchi harakatlarda ayblab, qarshi da’vo bilan chiqqan.
2022 yildan boshlab Yerevan va Baku tomonlari o‘zaro tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu kelishuv uzoq yillar davom etgan mojarolar va tarang munosabatlarga barham berish maqsadini ko‘zlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston hukumati mintaqaviy aloqalarni ochish bo‘yicha Ozarbayjonga taklif yo‘llagan edi. Unga ko‘ra, Armanistonning taklifi ikkala davlat uchun ham maqbul bo‘lishi mumkin. Hukumat, shuningdek, tinchlik bitimi bo‘yicha hali kelishilmagan ikki modda yuzasidan ham Bakuga takliflar taqdim etgan.
LiveBarchasi