Panjsher aholisi “Tolibon”ga qarshi namoyish o‘tkazdi (video)
Olam
−
27 dekabr 2021
10862Afg‘onistonda minglab afg‘onistonliklar Panjsher gubernatorligi binosi oldida “Tolibon” tomonidan begunoh tinch aholi o‘ldirilganiga qarshi namoyish o‘tkazdi. Bu haqda “Tolo News” xabar bermoqda.
Namoyishchilarning aytishicha, toliblar Panjsher viloyatining Anava aholi yashash punktida begunoh bir fuqaroni otib o‘ldirgan. Panjsher Xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Abdul Hamid Xurosoniy aholidan biri noto‘g‘ri ma’lumot tufayli “Tolibon” tomonidan o‘ldirilganini tasdiqlagan.
“U xavfsizlik kuchlari tomonidan olingan noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida o‘ldirilgan. Odamlar norozilik bildirib, gubernatorlik binosi oldiga kelishdi. Islom Amirligi rahbariyati xalqqa bunday harakatlarga yo‘l qo‘ygan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishiga va’da berdi”, deyiladi idora rahbari bayonotida.
Namoyishchilar “Tolibon” adolatni ta’minlashi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerakligini ta’kidlagan. Xurosoniyning aytishicha, mahalliy rasmiylar namoyishchilar bilan gaplashgan va namoyish kecha, 26 dekabr kuni kechqurun yakunlangan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
LiveBarchasi