Pandora hisoboti: Aliyev maxfiy boyliklarining 5 foizini tan oldi
Olam
−
13 Oktabr 2021
11358Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bir necha kun avval e’lon qilinib, ko‘plab davlat rahbarlarining maxfiy boyliklarini fosh etgan “Pandora hujjatlari”dagi o‘ziga aloqador ma’lumotlarga izoh berdi.
Prezident Aliyev hisobotni shaxsan o‘qib chiqmaganini ta’kidlab, unda o‘zi haqida keltirilgan ma’lumotlarning 5 foizi haqiqat ekanini ta’kidlagan.
“Rostini aytsam, men hujjatlarda yozilganlarni o‘qimaganman. Menga xabar berishdi va u yerda besh foiz haqiqat bor. Qolganlari yolg‘on”, degan Aliyev “La Repubblica” nashriga bergan intervyuasida.
Aliyev Prezident bo‘lishidan avval omadli biznesmen bo‘lganini, uning biznesi hamon davom etayotganini, biroq endi uning boshqaruvi oilasida ekanini eslatib o‘tgan.
“Men 18 yildan beri Prezidentman. Men ilgari tadbirkor bo‘lganman, biznes bilan shug‘ullanardim. Hamma mening tarjimai holimni biladi. Men muvaffaqiyatli tadbirkor edim. Prezident etib saylanganimda, kambag‘al emasdim. Prezident bo‘lganimdan so‘ng, men biznes bilan bevosita shug‘ullanishni to‘xtatdim va uni oilamga o‘tkazdim. Siz tushunasiz, butun merosini mushuk va itlarga qoldirgan,G‘arbdagi boshqa odamlardan farqli o‘laroq, Italiya va Ozarbayjonda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilamiz. Shuning uchun men barcha ishlarimni bolalarga topshirdim. Ular biznesni davom ettirmoqdalar”, degan Aliyev.
Ozarbayjon rahbarining ta’kidlashicha, uning bolalari asosan Ozarbayjonga sarmoya kiritadi, ularning mamlakatdan tashqarida ham investitsiyalari bor. Uning ishontirishicha, “ularning barcha tijoriy faoliyati shaffof va xalqaro miqyosda tasdiqlangan hamda hech kim bu yerda biror narsa noto‘g‘ri deb da’vo qila olmaydi”.
Ma’lumot uchun, Pandora Papers – sizib chiqqan 12 millionga yaqin hujjat bo‘lib, ular dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda yashirin kelishuvlarini oshkor etadi.
AQSHda Tadqiqotchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi qo‘lga kiritgan ma’lumotlar eng yirik global tekshiruvlarga yetakladi.
Dunyoning 117 mamlakatidagi 600 nafardan ko‘proq jurnalist yer yuzidagi eng qudratli insonlarning yashirin boyliklari bilan tanisha olishdi.
Hujjatlarda Aliyevlar oilasining xorijdagi mulklari haqida ham ma’lumotlar bor. Unga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi 84 ta ofshor kompaniyalar orqali Londonda 694 mln dollarga ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan. Shu bilan birga, Prezidentning o‘sha paytda maktab va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun ofshor kompaniyalar ro‘yxatga olingani aytilgan. Ta’kidlanishicha, 2015 yilgi inqirozdan keyin Aliyevlar ko‘chmas mulkini sotayotgan va kompaniyalarini yopayotgan paytda ham, aktivlarning bir qismi, xususan, Londondagi 191 million dollarlik ko‘chmas mulk Prezidentning qaynotasi Orif Pashayev nomiga ro‘yxatga olingan.
LiveBarchasi