“Paxtakor”da IIO xodimlari telekanal tasvirchisini do‘pposlagani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
15 iyul 2022
8375Joriy yil 11 iyun kuni Toshkent shahridagi "Paxtakor" stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston – Iroq o‘yinini yoritishga borgan “Sevimli” telekanali tasvirchisi kaltaklangani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan alohida nazorat o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent shahridagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston – Iroq o‘yinini yoritishga borgan “Sevimli” telekanali muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani, kamerasi tortib olingani haqidagi xabarlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi hamda Milliy gvardiyasiga so‘rov yuborgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 11 iyun kuni “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturi tasvirchisi T.Ibrohimov jurnalist bilan O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun “Paxtakor” stadioniga borganida do‘pposlangan. Unga shifoxonada jag‘-tish sinishi tashxisi qo‘yilgan. Jurnalist va tasvirchining o‘zi do‘pposlaganlar Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari ekanini aytmoqda. IIV esa operator odamlar o‘rtasidagi janjalda kaltak yeganini ma’lum qildi, biroq aynan kim urganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga vazirlik bezorilik sodir etgan fuqarolarni aniqlash ishlarini boshlagan.
Bosh prokuratura ham holatga munosabat bildirib, vaziyat yuzasidan o‘rganish boshlanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15